Iqtisodiyot | 19:07 / 21.04.2025
3146
2 daqiqa o‘qiladi

Oltin quymalar narxi 1 gramm uchun qariyb 1,5 mln so‘mga yetdi

Jahondagi iqtisodiy noaniqliklar va AQShdagi tarif siyosati fonida oltin narxi oshishda davom etyapti. Dushanba kuni oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun qariyb 3400 dollarga yaqinlashdi. O‘zbekistonda tilla quymalar narxlari ham yangi tarixiy maksimumlarni qayd etmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki 21 apreldan o‘lchovli oltin quymalari narxlarini yangiladi. Quymalar narxi 1 gramm uchun 1 mln 454 ming 920 so‘mga baholanyapti. Bu – oxirgi rekord narxdan (16 aprel sanasidagi) qariyb 3 foizga, yil boshiga nisbatan 25,4 foizga yuqori.

Oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun 3400 (3391) dollarga yaqinlashdi.

21 aprel holatiga ko‘ra, oltin quymalari narxlari quyidagicha:

  • 5 grammli oltin quymasi — 7 mln 275 ming so‘m;
  • 10 grammli oltin quymasi — 14 mln 549 ming so‘m;
  • 20 grammli oltin quymasi — 29 mln 098 ming so‘m;
  • 50 grammli oltin quymasi — 72 mln 746 ming so‘m;
  • 100 grammli oltin quymasi — 146 mln 492 ming so‘m.

Keyingi oylarda oltin narxlari oshishi tezlashgani AQSh prezidenti Donald Trampning Federal rezerv tizimiga qaratilgan tanqidlari va tarif siyosati fonida yuz beryapti. Investorlar orasida ishonchsizlik kuchayishi dollarning qadrsizlanishiga olib keldi, bu esa zaxira aktiv sifatida oltin narxining oshishiga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi, Rossiya-Ukraina mojarosi kabi global noaniqliklar investorlarni xavfsiz aktivlarga yo‘naltirmoqda. Ko‘plab markaziy banklar oltin zaxiralarini oshirishda davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy banki 2018 yildan boshlab tijorat banklari orqali oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalarni sotib kelmoqda. 2020 yil noyabrdan o‘lchovli quyma oltinlar ham sotuvga chiqarilgan. Bugungi kunda tijorat banklari orqali 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarini xarid qilish va ularni bankka qayta sotish mumkin. 2025 yil yanvardan 100 grammli oltin quymalar ham sotuvda paydo bo‘ldi.

Quymalar narxlari xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan kun davomida qayta ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, narxlar doimiy o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid