«Pasxa sulhi» yakunlandi va o‘t ochish qaytadan tiklandi
Dmitriy Peskov esa Donald Trampning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv shu haftadayoq tuzilishi mumkinligi haqidagi so‘zlariga javoban, urush tugashi bo‘yicha ehtimoliy muddat yo‘qligini aytdi.

93rd Kholodnyi Yar Separate Mechanized Brigade / EPA / Scanpix / LETA
Rossiya mudofaa vazirligi prezident Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan «Pasxa sulhi» muddati yakunlangani va harbiy amaliyot qaytadan tiklanganini e’lon qildi. Rossiya harbiylari Belgorod, Xarkiv, Donetsk va Xerson oblastlaridagi yurish amaliyotlari to‘g‘risida ma’lumot bergan.
Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, vaqtinchalik sulh amal qilgan davr mobaynida «maxsus harbiy amaliyot hududidagi barcha qo‘shinlar o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qat’iy rioya etgan hamda oldin egallangan marralarda qolgan».
«Pasxa sulhi»ni Putin 19 aprel kuni kechqurun bir tomonlama tartibda e’lon qilgandi. U shanba kuni soat 18:00 dan dushanba kuniga qadar Rossiya qo‘shini butun front chizig‘i bo‘ylab harbiy harakatlarni to‘xtatishini ma’lum qilgandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham agar rossiyalik harbiylar sukunat rejimiga amal qiladigan bo‘lsa, ukrain armiyasi ham shunday yo‘l tutishini va’da qilgandi.
Sulhga rioya qilinishi ustidan qandaydir mustaqil nazorat yo‘q edi. Natijada tomonlar bir yarim kun davomida muntazam ravishda bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda ayblab keldi. Zelenskiy 20 aprel kuni tongida Rossiya qo‘shinlari «sulh taassurotini yaratishga harakat qilayotgani», ammo front chizig‘ida oldinga siljishga urinishlarini to‘xtatmayotganini aytib chiqdi. Shu bilan birga, Ukraina harbiylari ba’zi yo‘nalishlarda hujumlar intensivligi pasayganini tasdiqladi. 21 aprel kuni ertalab esa Zelenskiy bir yarim kun ichida Rossiya harbiylari tomonidan sulhni buzish bo‘yicha 2935 ta holat qayd etilganini ma’lum qildi.
Rossiya mudofaa vazirligi o‘z hisobotida Ukraina qurolli kuchlari o‘t ochishni to‘xtatish rejimini 4900 marta buzganini iddao qildi. Rossiya harbiy idorasining ta’kidlashicha, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblasti va Donbassda hujumlar uyushtirgan, shuningdek, dronlar va artilleriya bilan Rossiya qo‘shinlari pozitsiyalariga zarbalar yo‘llagan.
Shu bilan birga, Kiyev ham, Moskva ham dushman tomonidan jangovar harakatlar intensivligi pasayganini tan olishdi. Yakshanba kuni kechqurun Zelenskiy «hech bo‘lmaganda havo trevogasi bo‘lmagani»ni qayd etdi. U havodan uzoq masofali qurollar bilan hujum qilinmasligini «erishilgan va davom ettirish eng oson bo‘lgan sukunat formati» deb atadi. Ukraina prezidenti 30 kun muddatga uzoq masofali qurollar bilan havo hujumlari yo‘llashdan voz kechishni taklif qildi.
«Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga uzoq masofali dronlar va raketalar bilan har qanday zarba berishdan kamida 30 kun muddatga voz kechishni taklif qiladi. Agar Rossiya bunday qadamga rozi bo‘lmasa, bu uning bundan keyin ham faqat odamlar hayotini vayron qiladigan va urushni davom ettiradigan ishlarni qilishni xohlayotganining isboti bo‘ladi», – dedi Zelenskiy.
AQSh Davlat departamenti Zelenskiyning yarashuvni uzaytirish taklifini olqishladi. Ammo Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov navbatdagi brifingda Kremlning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonoti bir martalik bo‘lgani va yangi sulh hali rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. «Siz mudofaa vazirligimizning harbiy nuqtayi nazardan baho berish vakolatiga ega bo‘lgan bayonotini eshitdingiz. Baho berildi. Ukraina tomonidan qoidabuzarlik holati bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Boshqa qo‘shimcha qiladigan gapim yo‘q. Bu prezident Putinning Pasxa tashabbusi edi», – dedi u jurnalistlarga.
Putin Tramp yaqin kunlarda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha haqiqiy harakatlarni ko‘rmasa, diplomatik kelishuvga urinishlarni to‘xtatish bilan tahdid qilganidan bir kun o‘tib, kutilmaganda qisqa muddatli sulh e’lon qilgandi. Hozirda AQSh ehtimoliy tinchlik kelishuvi va urushdan keyingi tuzum rejasi ustida ishlashni davom ettirmoqda – shu hafta Londonda AQSh, Ukraina va uning yevropalik ittifoqchilari ishtirokida navbatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Kreml urush tugashi ehtimoliy muddatlarni aytishdan bosh tortmoqda
Dmitriy Peskov bugungi brifingda yana bir bor tinchlik shartnomasini tuzishning ehtimoliy muddatlari haqida izoh berishdan bosh tortdi. U AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv shu haftadayoq tuzilishi mumkinligi haqidagi bayonotiga shunday izoh berdi.
«Men hozir hech qanday izoh berishni istamasdim, ayniqsa vaqt doirasi haqida. Prezident Putin, Rossiya tomoni masalani tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘lini izlashga ochiq, Amerika tomoni bilan ishlashni davom ettirmoqda. Va albatta, umid qilamizki, bu ish o‘z natijasini beradi», – dedi Kreml vakili.
Tramp bir kun oldin o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Moskva va Kiyev «shu haftadayoq» kelishuvga erishishi mumkinligini yozgandi. «Shundan so‘ng ikkala davlat ham AQSh bilan katta biznes qila boshlaydi, ular gullab-yashnaydi va boylik orttiradi», – degandi Tramp. U bunday fikr nimaga asoslanganiga aniqlik kiritmadi. Kiyevda uning bayonotlariga izoh berilmagan.
Tramp muntazam ravishda harbiy harakatlarni to‘xtatishning ehtimoliy muddatlari bo‘yicha o‘ta optimistik prognozlar bilan chiqish qilib keladi. U prezident etib saylanishidan oldin ham urushni «24 soat ichida» tugatishga va’da bergan, biroq keyinchalik mojaro u o‘ylaganidan ko‘ra murakkabroq ekanini tan olgan hamda Oq uyga qaytganidan beri harbiy harakatlarni tugatish uchun «bir necha hafta» kerakligini ayta boshlagandi.
Mavzuga oid

15:26
Rossiya qo‘shini Kiyevga raketa zarbasi yo‘lladi. Qurbonlar bor, o‘nlab kishilar yaralangan

15:09
General Popov 5 yilga qamaldi

13:30
90 foiz uylar vayron bo‘lgan G‘azo, Kashmirdagi teraktda ayblanayotgan Pokiston va barbod bo‘lgan London muzokaralari - kun dayjesti

11:20