Jahon | 18:42 / 21.04.2025
3278
2 daqiqa o‘qiladi

Seulda erkak pestitsid purkagich yordamida 21 qavatli binoga o‘t qo‘ydi

Yong‘inni uyushtirgan 60 yoshli erkak o‘z joniga qasd qilib, o‘limoldi maktubini qoldirgan.

Foto: Yonhap

Seulda erkak 21 qavatli turar joy binosida yong‘in uyushtirdi, deb xabar beradi Yonhap agentligi. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.

Shuningdek, yana olti kishi jarohat olgan bo‘lib, ularning to‘rt nafari — 50-80 yosh oralig‘idagi fuqarolar shifoxonaga yetkazilgan. Bemorlar tutundan zaharlanish va nafas olish qiyinlashganidan shikoyat qilgan. Ularning ikki nafari tutunga dimiqib qolmaslik uchun to‘rtinchi qavatdan sakrashga majbur bo‘lgan.

Gumonlanuvchi binoga o‘t qo‘yishda pestitsid sepishga mo‘ljallangan purkagichdan foydalangan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inni 60 yoshli erkak uyushtirgan.

U o‘z joniga qasd qilgan va o‘limoldi maktubini qoldirgan. Erkak unda qizidan bemor onasiga g‘amxo‘rlik qilishni so‘ragan. Maktub ichida shuningdek, turmush o‘rtog‘ining davolanishi uchun 50 ming von (35 dollar) bo‘lgan.

Erkakning jasadi to‘rtinchi qavatdan topilgan. Politsiyachilarning ma’lum qilishicha, uning barmoq izlari binoga o‘t qo‘yishda foydalanilgan purkagichdagi izlarga mos keladi.

Yonhap agentligining yozishicha, turar joy binosidagi yong‘inni o‘chirishga 1,5 soatdan ortiq vaqt talab etilgan.

Mavzuga oid