TSAHAL tekshiruvi: G‘azoda shifokorlar o‘limiga «operativ anglashilmovchilik» sabab bo‘lgan
Isroil armiyasi qo‘mondonligi tez yordam mashinalari o‘qqa tutilishi va 15 xodim o‘limi uchun javobgar bo‘lgan komandir o‘rinbosarini ishdan bo‘shatish bilan cheklandi.

Foto: Videodan kadr
Isroil harbiylari o‘tgan oyda G‘azoda favqulodda xizmatlarning 15 nafar xodimi o‘limiga «operativ anglashilmovchilik» va «buyruqlarga amal qilinmasligi» sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Isroil mudofaa armiyasi tomonidan hodisa bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvda isroillik harbiylar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qator xatolar aniqlangan.
Voqea ishtirokchisi bo‘lgan bo‘linma komandiri o‘rinbosari «sud jarayonida noto‘liq va noto‘g‘ri hisobot bergani uchun» ishdan bo‘shatilgan.
23 mart kuni Rafah shahri hududida Qizil yarim oy jamiyatining Falastin bo‘limi (PRCS) tez yordam mashinalari, BMT avtomobili va G‘azo fuqarolik mudofaasi o‘t o‘chirish mashinasi Isroil harbiylari tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida 14 nafar qutqaruvchi hamda BMTning bir xodimi halok bo‘lgandi.
TSAHAL bayonotida aytilishicha, isroillik harbiylar dushman kuchlari tomondan xavf yuzaga keldi deb hisoblagani uchun o‘t ochgan.
Isroil harbiylariga ko‘ra, tergov ishlari halok bo‘lganlarning olti nafari Hamas a’zolari bo‘lganini ko‘rsatgan. TSAHALdagilar sudsiz qatl haqidagi versiyani rad etgan.
Isroil mudofaa armiyasi qurbonlarning Hamas bilan aloqadorligiga hech qanday dalil keltirmagan, holbuki o‘ldirilganlarning shaxsi haqida ochiq ma’lumotlar mavjud.
Hisobotda aytilishicha, hodisa «dushman nazoratidagi va xavfli harbiy harakatlar zonasi» hisoblanadigan hududda sodir bo‘lgan va voqea joyidagi komandir mashinalar tez yaqinlashgani tufayli bevosita va sezilarli tahdidni his qilgan.
Shuningdek, «tunda ko‘rish yomonligi» tufayli komandir transport vositalari tez yordam mashinalari ekanini aniq bila olmagani aytilgan.
Isroil tomoni avvaliga kolonna qorong‘ida, chiroqlar o‘chirilgan va miltillovchi mayoqlarsiz «shubhali tarzda» yaqinlashgani uchun o‘t ochilganini da’vo qilgandi. Isroil tomoniga ko‘ra, mashinalar harakati oldindan muvofiqlashtirilmagan yoki armiya bilan kelishilmagan.
Ammo keyinroq Isroil bu hisobot «xatolik» bo‘lganini tan oldi, chunki bu vaqtga kelib o‘ldirilgan shifokorlardan birining mobil telefonidan topilgan video mashinalarning chiroqlari yoqilgan holatda bo‘lgani va miltillovchi mayoqlar o‘rnatilganini fosh etdi.
Kadrlarda erta tong mahali mashinalar yo‘lga yaqinlashgani va ko‘p o‘tmay otishma boshlangani aks etgan.
Video besh daqiqadan ko‘proq davom etadi, unda paramedik hayotining so‘nggi lahzalarini duo o‘qib o‘tkazgani eshitiladi, so‘ngra mashinalarga yaqinlashayotgan isroillik askarlarning ovozlari yangraydi.
Videoda mashinalar qaysi xizmatlarga tegishli ekani aniq belgilab qo‘yilgani, feldsherlar esa yorug‘lik qaytaruvchi forma kiyganini ham ko‘rish mumkin.
Favqulodda xizmatlarning halok bo‘lgan 15 nafar xodimining jasadi ko‘mib yuborilgan va voqea sodir bo‘lganidan bir hafta o‘tgachgina topilgan, chunki xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT bu hududga xavfsiz o‘tish yo‘lini tashkil eta olmagan yoki voqea joyini aniqlay olmagan.
Qizil yarim oy va boshqa qator xalqaro tashkilotlar avvalroq hodisani mustaqil tergov qilishga chaqirgan edi.
Isroil mudofaa armiyasida komandir o‘rinbosarini ishdan bo‘shatish va yana bir katta ofitserni jazolash qarori g‘ayrioddiy holat emas — qo‘mondonlik o‘tgan yil aprel oyida ham, World Central Kitchen gumanitar tashkilotining yetti nafar xodimi o‘ldirilganidan keyin ikki ofitserni ishdan bo‘shatgan va yana bir necha kishiga chora ko‘rgandi.
Isroil Rafahdagi yirik harbiy amaliyotini 2024 yil mayida boshlagan, o‘tgan vaqt ichida hududning katta qismi vayron qilingan. 2025 yil yanvaridagi vaqtinchalik sulhdan keyin esa o‘n minglab kishilar shaharga qaytib kelgandi.
18 mart kuni, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulhning birinchi bosqichi muddati yakunlanib, ikkinchi bosqich bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolganidan keyin Isroil armiyasi G‘azodagi amaliyotni qaytadan boshladi.
Isroil 2023 yil 7 oktyabri voqealaridan keyin Hamasni butkul yo‘q qilish bo‘yicha kampaniya boshlagandi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida sektor hududida kamida 51 201 kishi halok bo‘lgan.
Mavzuga oid

20:55 / 24.04.2025
Ispaniya Isroildan millionlab o‘q-dori sotib olishdan bosh tortdi

13:30 / 24.04.2025
90 foiz uylar vayron bo‘lgan G‘azo, Kashmirdagi teraktda ayblanayotgan Pokiston va barbod bo‘lgan London muzokaralari - kun dayjesti

14:20 / 23.04.2025
Urushni muzlatmoqchi bo‘layotgan Putin va Trampga qarshi chiqqan AQSh universitetlari - kun dayjesti

13:04 / 22.04.2025