«Tolibon» endi Rossiyada terror guruhi emas. Harakat asr boshida Rossiyaga jihod e’lon qilgandi
Bugun oxirgi kunlarda sodir bo‘lgan qiziq bir voqea haqida gaplashamiz. Bu voqeaning qanchalik jiddiy ekanini tushunishingiz uchun ikkita turli sanalarda bo‘lgan voqealarni ketma-ket sanaymiz.
* 2000 yil fevral, Rossiyada Ikkinchi chechen urushi avj olgan davr. U vaqtlar Afg‘onistonni nazorat qilgan «Tolibon» harakati o‘zining «Shariat» degan rasmiy gazetasida dunyo musulmonlarini Rossiyaga qarshi jihod qilishga chaqiradi.
* 2025 yil aprel. Rossiya Oliy sudi «Tolibon»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqaradi.
Albatta, bu ikki voqea o‘rtasida naq 25 yil vaqt o‘tgan, biroq chorak asr tarix oldida juda qisqa muddat. Shu sabab Rossiya asr boshida o‘ziga qarshi jihod e’lon qilgan tashkilotni terrorchilar qatoridan chiqarishi e’tiborga arzigulik voqea.
Qonuniy taqiq olib tashlandi
Rossiyada «Tolibon»ni terrorchi tashkilot deb qaramaslik 2021 yildan boshlandi desak bo‘ladi. Toliblar Afg‘onistonda hukumat tepasiga kelgach, rossiyalik jurnalistlarga «Tolibon»ni terrorchi tashkilot deb atamaslik buyuriladi. Vaqt o‘tib Rossiya harakat bilan aloqalarni yaxshiladi. Hatto harakat faoliyati Rossiyada taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, uning vakillari Moskvada yuqori martabali mulozimlar bilan muzokara o‘tkazdi.
Sergey Lavrov suhbatlardan birida «Tolibon»ni terrorchi tashkilotlar qatoridan chiqarish «reallikdan kelib chiqqan harakat» deb atagandi toliblar Afg‘onistonni nazorat qilayotganini nazarda tutib.
Darvoqe, Putinga «Tolibon»ni terrorchi tashkilotlar qatoridan chiqarishni aynan Sergey Lavrov va Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov maslahat bergan.
O‘tgan yildayoq Rossiya harakatni «qora ro‘yxat»dan chiqarish ishlarini boshlab yuborgandi. Lekin bu oson ish emas, chunki Rossiya qonunchiligida kimnidir terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish uchun qonuniy asos yo‘q edi. Shu uchun Rossiyada o‘tgan yil kuzda butun boshli qonun qabul qilindi. Putin FSB direktori Bortnikovga ham toliblarni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha tegishli ishlarni qilishni buyurgandi. Bortnikovning so‘zlariga qaraganda, «Tolibon» IShIDning Afg‘onistondagi qanoti «IShID-Xuroson» bilan kurashishga tayyorligini aytgani hal qiluvchi omil bo‘lgan.
«Tolibon» va Rossiya munosabatlari
Toliblar 2021 yil AQSh armiyasi Jo Baydenning buyrug‘i bilan Afg‘onistondan chiqib ketgach, yana ushbu davlatdagi hukumatni egallagandi. «Tolibon» 2001 yilda Afg‘onistonda hukumatni boy beradi. O‘shanda Amerika Nyu York teraktidan keyin Afg‘onistonda urush boshlagandi. Chunki teraktni amalga oshirgan «Al Qoida» guruhi «Tolibon»ning ittifoqchisi edi.
AQSh Afg‘onistonga kirganda qiziq bir voqea sodir bo‘ladi. Unga Vladimir Putin haqida suratga olingan bir hujjatli filmda ko‘zim tushgandi. O‘sha vaqt Rossiya mudofaa vaziri lavozimida ishlagan Sergey Ivanovga «Tolibon» lideri Mulla Umarning vakillari aloqaga chiqib, Amerikaga qarshi birgalikda urushishni taklif qiladi. Biroq Sergey Ivanov bu taklifga o‘zining aytishicha, keskin ohangda, hatto inglizcha so‘kinish bilan javob beradi.
Ana shunaqa gaplar. U paytlar Rossiya G‘arb bilan hozirgidek dushman emas, Amerika bilan ham qalin edi. Rossiya asr boshida o‘ziga qarshi jihod e’lon qilgan «Tolibon»ni nega terrorchilar ro‘yxatidan chiqargani sababini keyinchalik amalga oshiriladigan harakatlardan bilib olamiz.
Bu yerda tushunish kerak bo‘lgan jihat shuki, katta davlatlar hech qachon biror tashkilotdan qo‘rqmaydi. Ularga qandaydir tashkilot zarar yetkaza olmasligini juda yaxshi bilishadi. Bu katta davlatlar xohlasa biror odamni juda xavfli terrorchi deb e’lon qiladi, xohlasa, xuddi o‘sha odamni siyosiy arbob deydi. Xohlasa, o‘zi kallasi uchun mukofot puli e’lon qilgan odam bilan muzokara o‘tkazib, uni butun boshli davlat rahbari sifatida tan oladi. Barchasi bu katta davlatlarning nima xohlayotgani va manfaatlariga bog‘liq.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Tavsiya etamiz
Havo isib ketishi va qurg‘oqchilikka tayyor turishimiz kerak – Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 15:55 / 26.04.2025
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
Toshkentda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi
O‘zbekiston | 20:34 / 24.04.2025
Stomatologiya poliklinikalari xususiylashtiriladi
O‘zbekiston | 10:56 / 24.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi avtomobil yo‘li vaqtincha yopiladi
Jamiyat | 23:32 / 28.04.2025
-
Olimlar Yerni samolyotlar yordamida sovitish usulini topdi
Jahon | 23:23 / 28.04.2025
-
28 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘zbekiston | 22:45 / 28.04.2025
-
Buxoroda YPX inspektorini obro‘sizlantirishga uringan haydovchi 7 sutkaga qamaldi
Jamiyat | 22:40 / 28.04.2025
Mavzuga oid

20:47 / 28.04.2025
Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida doimiy sulh bo‘lishini istaydi – Oq uy

18:20 / 28.04.2025
Qirg‘iziston Rossiyadan S-300 zenit-raketa komplekslarini oldi

17:34 / 28.04.2025
Shavkat Mirziyoyev Toshkentda «INNOPROM» xalqaro ko‘rgazmasini borib ko‘rdi

17:03 / 28.04.2025