Jahon | 13:15 / 22.04.2025
6011
4 daqiqa o‘qiladi

Trampning Ukraina bo‘yicha rejasi ba’zi shartlari e’lon qilindi – OAV

Rejada o‘t ochish to‘xtatilganidan so‘ng, Yevropa qo‘shinlarini Ukrainaga joylashtirish nazarda tutilgan.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi mojaroni hal qilish rejasida o‘t ochish to‘xtatilganidan so‘ng, Yevropa qo‘shinlarini mamlakatga joylashtirish nazarda tutilgan. Bu haqda Amerika ma’muriyatining yuqori martabali vakiliga tayanib, The New York Post (NYP) xabar berdi.

21 aprel kuni Tramp Rossiya va Ukraina bilan muzokaralar tafsilotlarini yaqin uch kun ichida taqdim etishini aytgan edi. NYP xabariga ko‘ra, Tramp rejasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilsa, Ukrainaga Yevropa qo‘shinlarini kiritish ham bo‘lishi mumkin.

«Qiyinchilik shundaki, xavfsizlik kuchlari qanday joylashtiriladi - biz buni «qarshilik kuchlari» deymiz. Bu ukrainaliklar talab qilayotgan xavfsizlik kafolatlarining bir qismi va biz ularni qabul qilishiga umidvormiz», dedi manba nashrga.

Shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat qiluvchi alohida tinchlikparvar kuchlarini ham joylashtirish nazarda tutilyapti. Ular «ruslar, ukrainaliklar va NATO a’zosi bo‘lmagan uchinchi davlat» vakillaridan iborat «qo‘shma komissiya»ga o‘xshash bo‘ladi. Oxirgi tomon, deb yozdi nashr, har ikki tomon qurollarini tashlaganini ta’minlash uchun oldingi chiziqni kuzatishi kerak bo‘ladi.

NYP manbasi Qo‘shma Shtatlar missiyada ishtirok etishi mumkinligini tan oldi, ammo «quruqlikdagi harbiy kuch» sifatida emas. Vashington, uning so‘zlariga ko‘ra, «uchinchi tomon bilan birga moliyaviy kuch» sifatida qatnashishi mumkin.

Urushni hal qilish bo‘yicha kelishuv shartlari hozircha yakuniga yetmagan, chunki Rossiya va Ukraina rejani alohida muhokama qilmoqda, deb yozdi NYP. Trampning aytishicha, agar Rossiya yoki Ukraina kelishuvga erishish jarayonini murakkablashtirsa, AQSh tinchlik muzokaralaridan bosh tortishi mumkin. Shu bilan birga, u Vashingtonda «bu muammoni hal qilish uchun yaxshi imkoniyat bor» deb hisoblamoqda.

17 aprel kuni Parijda AQSh, Ukraina va Yevropa vakillarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, unda Amerika delegatsiyasi «Ukraina bo‘yicha mustahkam tinchlik sxemalarini» taqdim etdi. Bu takliflar Rossiya tomoniga yuborilgan.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Rossiya bosib olgan hududlarni Rossiya nazorati ostida qoldirishni, shuningdek, Ukrainaning NATO a’zosi bo‘lishini kun tartibidan olib tashlashni taklif qilgan. The Wall Street Journal Amerika tomoni takliflari ro‘yxatida Qrimning Rossiya deb rasman tan olinishiga oid bandlar ham borligini yozdi.

NYP manbasi so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni «de-fakto hududlarning 20 foizidan voz kechishga tayyor, lekin de-yure emas. De-yure biz [Rossiya] bu yerlarni tortib olganini tan olishimizni anglatadi va shunda biz bu hududlarni boshqa hech qachon ko‘rmaymiz», dedi rasmiy.

Mavzuga oid