Iqtisodiyot | 09:49 / 23.04.2025
4102
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari sotiladi

Prezident farmoni bilan, 2025 yilda 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotib, kamida 10 trillion so‘m tushumni ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga 2030 yilgacha moratoriy joriy qilindi. Bozorlar va savdo majmualari ustav kapitalida hokimliklarning majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.

Ochiq manbalardan olingan surat

O‘zbekiston prezidenti «2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida» farmon imzoladi.

Hujjat bilan, 2025 yilda xususiylashtirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari quyidagilar bo‘ladi:

  • 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish va kamida 10 trillion so‘m tushumni ta’minlash;
  • davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli 115 ta jamiyat ustav kapitalidagi ulushlarni, 659 ta ko‘chmas mulk obektini va 6,1 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish;
  • dastlabki bosqichda kamida 30 ta foydali qazilma kon va uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga chiqarish.

2030 yil 1 yanvargacha davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy qilindi. Mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq korxonalar hamda prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Farmonga binoan, respublika va mahalliy ijro organlari tomonidan ko‘chmas mulk sotib olish, davlat funksiyasiga va davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga mos bo‘lmagan korxonalarni tashkil etish tashabbusi bilan chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maydoni 10 ming metr kvadratgacha bo‘lgan davlat mulki obektlari yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga 5 yil muddatga to‘g‘ridan to‘g‘ri tekin foydalanishga beriladi hamda shartnoma shartlari bajarilgan taqdirda ushbu tadbirkorlarga baholangan qiymatda to‘g‘ridan to‘g‘ri sotiladi.

Boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llangandan keyin ham 1 yildan ortiq muddatda sotilmagan va xaridorlar uchun jozibador bo‘lmagan ko‘chmas mulk obektlari boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi.

Bozorlar va savdo majmualari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.

Mavzuga oid