Jahon | 20:54 / 23.04.2025
4728
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Bashar Asadni Suriyaga topshirishdan bosh tortdi

Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a Rossiya tomoni Bashar Asadni mamlakatning yangi hukumatiga topshirish so‘rovini rad etganini ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti

Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a Rossiya mamlakatning sobiq rahbari Bashar Asadni Suriyaning yangi hukumatiga topshirishdan bosh tortganini ma’lum qildi.

Damashq Rossiyadan Bashar Asadning topshirilishini so‘ragani haqida OAVda yanvar oyida xabarlar tarqalgan edi. Al-Arabiya’ga ko‘ra, ushbu masala Ahmad ash-Shar’aning Vladimir Putin bilan telefon muloqoti davomida ko‘tarilgan. The New York Times’ga bergan intervyusida Suriya yetakchisi bu boradagi so‘rov rad etilganini aytdi.

Bashar Asad mamlakatni 2000 yildan, uning oilasi esa 1971 yildan beri boshqarib kelayotgan edi. Suriyada o‘tgan yil noyabr oyi oxirida Bashar Asad qo‘shinlariga qarshi yurish boshlagan qurollangan guruhlar 8 dekabrga o‘tar kechasi hech qanday qarshilikka uchramasdan poytaxt Damashqqa kirib keldi. Ertasi kuni Bashar Asad hamda uning oilasi Vladimir Putinning qarori bilan Rossiyadan siyosiy boshpana olgani ma’lum bo‘ldi.

Bloombergʼning yozishicha, isyonchilar Damashqqa yaqinlashganida Rossiya Bashar Asad hamda uning oilasiga «xavfsiz evakuatsiya»ni taklif qilgan va Suriya prezidenti bunga rozi bo‘lgan. Kremlga ko‘ra, Asad iste’fosiga oid qarorni o‘zi qabul qilgan.

Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Ryabkov dekabr oyida Bashar Asad «xavfsizlikda» ekanini ma’lum qilgandi. Rossiyaning Iroqdagi elchisi Elbrus Kutrashevning aytishicha, Bashar Asadga boshpana taqdim etish shartlaridan biri uning media va siyosiy faolligi taqiqlanishi bo‘lgan.

Mavzuga oid