O‘zbekiston | 18:00 / 23.04.2025
4304
6 daqiqa o‘qiladi

Taklifi inobatga olinmagan liberallar, normani qat’iy himoya qilgan tashabbuskorlar – Qonunchilik palatasi yalpi majlisi qanday o‘tdi?

Qonunchilik palatasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan yalpi majlisidagi bahs-munozaralar kuzatuvchilarni befarq qoldirmadi. Kunning birinchi yarmida liberallar keskin fikrlari va aniq pozitsiyalari bilan e’tiborimizni tortgan bo‘lsa, kunning ikkinchi yarimida esa O‘zXDP fraksiyasining yakdil nuqtai nazari kutilmagan holat bo‘ldi.

Majlisda soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Dastlab qonun loyihasi yuzasidan mas’ul qo‘mita a’zosi Firdavs Qurbonovning ma’ruzasi eshitildi. Ma’lumot uchun, qonun loyihasi joriy yil 4 fevralda bo‘lib o‘tgan quyi palata yalpi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.

Ma’ruzachi deputatning aytishicha, qonun loyihasida budjet tushumlarining barqarorligini ta’minlash, xufiyona aylanmalar va soliqlarni yashirish holatlariga barham berish, tadbirkorlik sub’yektlarini sudga qadar va sud muhokamasi davomida yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan taqdirda javobgarlikdan ozod qilishni, shuningdek, soliq huquqbuzarligi uchun qo‘shimcha hisoblangan mablag‘lar tergov organi depozit hisob raqamidan budjetga o‘tkazilgunga qadar penya hisoblamaslik haqidagi normalar aks etmoqda.

Bundan tashqari, mulkdorning yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda mulkning bozor qiymatida to‘lab berilgan kompensatsiya miqdorini soliq daromadi tarkibiga kiritmaslik belgilanmoqda. Tadbirkor bilan bog‘liq jinoyat ishida Biznes ombudsman yoki Savdo-sanoat palatasi vakili jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishi mumkinligi kiritilmoqda.

Loyihani moddama-modda ko‘rib chiqish vaqtida O‘zLiDeP partiyasi fraksiyasining bir qator deputatlari loyihaning birinchi moddasida keltirilgan “soxta tadbirkorlik” moddasiga e’tiroz bildirdilar.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Umid Yoqubxo‘jayev qonun loyihasidagi soxta tadbirkorlik tushunchasi bugungi kunda bironta rivojlangan davlatda qo‘llanmasligini qayd etib, uni yangi tahrirda qabul qilish emas, balki Jinoyat kodeksidan butunlay chiqarib tashlashni taklif qildi. — “Mazkur norma bir vaqtlar bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida firibgarlik xavfi yuqori bo‘lgani sababli kiritilgan. Hozirgi vaqtda soxta firma ochib hujjatlarni qalbakilashtirish, soliqdan bo‘yin tovlash boshqa moddalar bilan javobgarlikka tortilishini hisobga olganda, fikrimizcha ushbu modda tadbirkorlik faoliyati uchun qo‘shimcha javobgarlikni keltirib chiqaruvchi vosita bo‘lib qolmoqda. Va bu modda O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — dedi u.

O‘zLiDePning yana bir a’zosi Durbek Ahmedov ham fraksiyadoshining fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, soxta tadbirkorlik tushunchasini belgilash mexanizmlari mavjud emasligi, shu bois mazkur normani loyihadan chiqarib tashlash taklifini ilgari surdi.

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Anvarjon Nurmatov esa bu norma xalqaro tajribada keng qo‘llanmagan bo‘lsa-da, bugungi kunda soliqlardan qochish holatlarining oldini olish, budjet tushumlarining to‘liqligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, ushbu normani qonun loyihasida qoldirish tarafdori ekanini ma’lum qildi. Va boshqalarni ham bu masalani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi a’zosi Ruslan Jumamuratovning fikricha, soxta tadbirkorlikka qo‘l urganlarning jinoyati uchun javobgarlikning saqlab qolinishi iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda muhimdir.

Adolatchilar ham jim turishmadi. Ushbu partiya fraksiyasi a’zosi Dilmurod Ismoilov soxta tadbirkorlik orqali davlat va jamiyat manfaatlariga, budjetga zarar yetkazilishi, fuqarolarning ishonchi suiiste’mol qilinishi adolat tamoyiliga zid ekanini qayd etdi.

— Fraksiya soxta korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ular orqali jinoyat sodir etish holatlarini fosh etish bilan bir qatorda, real faoliyat yurituvchi, biroq tajribasiz yoki noto‘g‘ri boshqaruv tufayli inqirozga uchragan tadbirkorlarning aybsiz jazolanmasligi tarafdori, — dedi u.

Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Noiba Inoyatova liberallarning taklifi qonun loyihasining konsepsiyasi bilan bog‘liqligini hamda mazkur konsepsiya birinchi o‘qishda qabul qilinganligini hisobga olib, qo‘mitaning taklifini ovozga qo‘yishni so‘radi.

Shundan so‘ng majlisda so‘z olgan qonun tashabbuskorlari liberallar ilgari surgan Jinoyat kodeksidagi 179-modda, ya’ni soxta tadbirkorlik to‘g‘risidagi moddani chiqarib tashlash taklifiga qo‘shilmasligini, agar mazkur modda chiqarib yuboriladigan taqdirda sud-tergov amaliyotida jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkinligini ta’kidladilar.

Bu munosabatdan so‘ng, qonun loyihasi ovozga qo‘yildi va ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi. Loyihaga qarshi ovoz bergan O‘zLiDeP fraksiyasi qator a’zolarining taklifi inobatga olinmadi va ushbu norma qonun loyihasida qoladigan bo‘ldi.

Parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lish (yangi chaqiriqda O‘zLiDeP oldingi chaqiriqqa nisbatan qo‘shimcha 11 o‘rin egallab, 64 deputatlik (42,7 foiz) o‘rniga ega bo‘lgan) bu — eng yirik fraksiya, muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishda sezilarli darajadagi ustunlik degani.

Lekin guvohi bo‘lganimizdek, har doim ham yetakchi bo‘lish ustunlik bermaydi, eng ko‘p deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lish esa, ovoz berishda ustunlikni anglatmaydi. Ayniqsa, boshqa fraksiyalar o‘zaro birlashib, yakdil pozitsiyada turganda. Har jihatdan mukammal, xalqchil qonunlar esa fikrlar, qarashlar xilma-xilligida charxlanadi, bahslarda takomiliga yetadi. Parlamentimizdagi mana shunday bahs-munozaralar davomli bo‘lishi, albatta, saylovchilar manfaatiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid