O‘zbekiston | 07:59 / 23.04.2025
1984
2 daqiqa o‘qiladi

YaTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga rieltor faoliyatiga ruxsat berilishi mumkin

Yakka tartibdagi tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga «ko‘chmas mulk bo‘yicha agent» sifatida rieltorlik faoliyatini yuritishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.

Foto: Getty Images

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilindi.

Qayd qilinishicha, rieltorlik faoliyatini tartibga solish sohasida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning zamonaviy tendensiyalarga va qonunchilikdagi o‘zgarishlarga muvofiqligini o‘rganish, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati yuzaga kelgan.

Ushbu qonun loyihasi bilan norasmiy vositachilarning (maklerlarning) «soyadan» chiqarishda rag‘batlantiruvchi chora sifatida yakka tartibdagi tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga «ko‘chmas mulk bo‘yicha agent» sifatida rieltorlik faoliyatini yuritishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, bankdan tashqari aylanmani, shu orqali yashirin iqtisodiyot qisqarishi va rieltorlik xizmatlarini «yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatish maqsadida ko‘chmas mulk obektlarining elektron savdosini hamda hisob-kitoblarni elektron shaklda amalga oshirish (kliring) imkonini beruvchi multilisting tizimlarini (elektron savdosini) tashkil etish belgilanyapti.

Loyiha bilan rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari o‘rnini kengaytirish, ularga yangi vazifalar va vakolatlar berish ham taklif etilmoqda. Shu bilan birga, rieltorlik sub’yektlarining to‘g‘ri hisobini yuritish va samarali monitoringni yo‘lga qo‘yish maqsadida, aholi uchun ochiq bo‘lgan rieltorlik sub’yektlarining «Yagona reyestri» axborot tizimini joriy etish ham belgilanmoqda.

Ta’kidlanishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi rieltorlik faoliyati sohasidagi xizmatlar sifatini oshirish, rieltorlik sub’yektlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash, sohada yashirin amaliyotlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mavzuga oid