Jahon | 21:11 / 24.04.2025
3145
3 daqiqa o‘qiladi

«Demokratiyaning bo‘sh arsenali». Foreign Affairs AQSh Xitoy bilan urushga tayyor emasligi haqida maqola e’lon qildi

Aimee Dilger / SOPA Images / LightRocket / Getty Images

AQSh Xitoy yoki boshqa yirik davlat bilan ehtimoliy urushga tayyor emas. Bu haqda Foreign Affairs jurnalidagi maqolada aytiladi. AQShda o‘q-dori zaxiralari yetarli emas, kemalar va samolyotlar esa eskirgan; mamlakatda qurolli kuchlarni barcha zarur narsalar bilan uzluksiz ta’minlash uchun sanoat quvvatlari yetarli emas, deb hisoblaydi Pentagonning mudofaa innovatsiyalari bo‘limi sobiq direktori Maykl Braun. U Amerika arzon dronlarni keng miqyosda ishlab chiqarish kabi harbiy-texnik innovatsiyalarni joriy etishda ham Xitoydan ortda qolayotganini qayd etadi.

Buning asosiy sababi, Braunning fikricha, sovuq urushdan keyin AQSh kuch jihatdan teng bo‘lgan dushman bilan keng ko‘lamli urushga tayyorgarlik ko‘rishni to‘xtatgan. Amerikalik harbiy-siyosiy strateglar kelajakdagi urushlar 1991 yildagi Iroqqa qarshi «Sahrodagi bo‘ron» operatsiyasiga o‘xshash bo‘lishini taxmin qilishgan: ular lokal va qisqa muddatli bo‘lib, iqtisodiy va texnologik ustunlik orqali g‘alabaga erishilishiga ishonishgan. Ammo 2020-yillarga kelib Xitoy, Eron yoki Rossiya bilan to‘qnashuvlar avvalgidek aql bovar qilmas ish bo‘lib tuyulmayapti.

Braunning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Tinch okeani mintaqasida keng ko‘lamli mojaro yuz bersa, AQShga haftasiga besh mingta yuqori aniqlikdagi uzoq masofali raketalar kerak bo‘ladi. Bunday raketalarning hozirgi zaxiralari bir necha o‘n mingtani tashkil etadi va Amerika mudofaa sanoati bu zaxiralarni o‘z vaqtida to‘ldirishga qodir emas.

Amerika harbiy-dengiz kuchlari kemasining o‘rtacha yoshi – 19 yil, havo kuchlari samolyotining o‘rtacha yoshi – 32 yil. Xitoy flotida esa kemalarning 70 foizi so‘nggi 15 yil ichida suvga tushirilgan. Yangi kemalar qurilishi tezligi bo‘yicha Xitoy AQShdan 370 baravar ustun.

O‘q-dorilar ishlab chiqarishda AQSh asosan Ikkinchi jahon urushi davrida ishlab chiqilgan portlovchi moddalarga tayanadi. Bundan tashqari, AQSh xomashyoning taxminan uchdan bir qismini import qiladi, shu jumladan Xitoydan ham.

Braunning fikricha, bu muammoni hal qilish uchun AQSh mudofaa budjetini oshirishi kerak – u hozirning o‘zidayoq xarid qobiliyati bo‘yicha Xitoy va Rossiyaning mudofaa budjetlaridan ko‘proq bo‘lsa ham. Bu yetarli emas: Braun Pentagonning xarid tizimini tubdan isloh qilishni, jumladan, mudofaa pudratchilariga qo‘yiladigan talablarni kamaytirishni, ular bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzishni va Pentagonga ajratilgan budjet mablag‘larini boshqarishda ko‘proq erkinlik berishni talab qilmoqda.

Mavzuga oid