Hindiston Pokistonni sayyohlar o‘limida ayblab, uni suvsiz qoldirish bilan tahdid qilmoqda. Urush boshlanishi mumkinmi?
Seshanba kuni Palahgamda 26 nafar sayyoh o‘ldirilgani va Hindiston buning uchun Pokistonni ayblaganidan so‘ng, ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik kuchaydi. Aviaqatnovlar va savdo to‘xtatildi, diplomatlar chiqarib yuborildi, Hindiston suv to‘g‘risidagi shartnomadan chiqmoqda, Pokiston esa suv ta’minotini to‘xtatishga urinishni urush e’lon qilish sifatida baholashga va’da bermoqda.

Foto: Getty Images
Hindiston politsiyasi uch nafar gumonlanuvchining ismlarini e’lon qildi va ulardan ikki nafari – pokistonlik ekaniga e’tibor qaratdi.
Chorshanba kuni kechqurun Hindiston Pokiston bilan diplomatik munosabatlar darajasini pasaytirdi, elchixonalar xodimlari sonini deyarli ikki baravar qisqartirdi, mamlakatlar o‘rtasidagi quruqlikdagi yagona chegara o‘tish joyi yopilganini e’lon qildi va 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi suvlari bo‘yicha kelishuvni to‘xtatdi. Pokistonliklarga Janubiy Osiyo mintaqaviy hamkorlik assotsiatsiyasining vizadan ozod qilish tizimi bo‘yicha berilgan vizalar uch kun ichida bekor qilinadi.
Pokiston hukumati payshanba kuni bir qator javob choralarini joriy qildi: Hindiston fuqarolari uchun vizalar to‘xtatildi ( sikh ziyoratchilar bundan mustasno), hind harbiy maslahatchilari persona non grata deb e’lon qilindi va ularga mamlakatni tark etish buyurildi.
Pokiston havo hududi «Hindistonga tegishli yoki Hindiston tomonidan boshqariladigan barcha aviakompaniyalar uchun» yopildi, shuningdek, asosiy chegara posti Vagah yopildi va butun savdo, shu jumladan tovarlar tranziti to‘xtatildi.
Pokiston Hindistonning Hind daryosidan suv yetkazib berishni to‘xtatishga bo‘lgan har qanday urinishi «urush akti» sifatida baholanishi va unga tegishli javob berilishi haqida ogohlantirdi.
Pokiston rasmiylari bayonotida «ishonchli tergov va tekshiriluvchi dalillar» yo‘qligi aytilgan, Hindistonning Kashmirdagi hujumni Pokiston bilan bog‘lashga urinishlari esa «yengiltaklik, sog‘lom aqlga zid va mantiqsizlik» deb atalgan.
Hindiston Pokistonni suvsiz qoldirishi mumkinmi?
Hind tizimidagi oltita daryodan beshtasining manbayi Hindistonda joylashgan, ammo suvning asosiy qismini Pokiston oladi. Pokiston qishloq xo‘jaligi va energetikasi suv ta’minoti barqarorligiga bog‘liq. 1960 yilda tegishli shartnoma tuzilgan, unga ko‘ra Hindiston Hind tizimining uchta sharqiy daryosi suvlaridan Pokiston chegarasigacha foydalanish huquqiga ega, Pokiston esa uchta g‘arbiy daryodan foydalanadi.
Hindiston Pokiston bilan bo‘lgan mojarolarning hech birida shartnomani buzmagan va hozir birinchi marta uning amal qilishini to‘xtatdi, garchi shartnomada tomonlardan birining bitimni bir tomonlama to‘xtatib turish yoki bekor qilish huquqi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da; unda nizolarni hal qilishning aniq tartiblari ko‘rsatilgan.
Hindiston tashqi ishlar vaziri Vikram Misri kelishuv «Pokiston transchegaraviy terrorizmni qo‘llab-quvvatlashdan ishonchli va qat’iy voz kechmaguncha» to‘xtatilganini aytdi.
Reuters agentligi qayd etishicha, kelishuv to‘xtatilishi, katta ehtimol bilan, suv oqimiga darhol ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki Hindiston Pokistonga ketadigan suvni «to‘sib qo‘yish»ga qaror qilgan taqdirda ham, uni yo‘naltirishga va saqlashga joy topolmaydi.
Biroq, kelishuvni to‘xtatishning o‘zi Hindiston to‘g‘onlar va to‘g‘onlardan suv oqizilishi yoki toshqinlar haqida ma’lumot almashishni to‘xtatishi mumkinligini anglatadi. Bundan tashqari, endi unda qurg‘oqchilik mavsumda minimal miqdorda suv hajmi chiqarish majburiyatini olmaydi. Agar suv oqimlari beqaror bo‘lib qolsa, Pokiston qishloq xo‘jaligi, ayniqsa bug‘doy, sholi va shakarqamish kabi sug‘orishga bog‘liq ekinlar xavf ostida qolishi mumkin.
Pokiston energetika vaziri Avais Lexari kelishuv to‘xtatilishini «suv urushi akti» va «qo‘rqoqlarcha, noqonuniy tashlangan qadam» deb atadi.
Pokiston milliy fermerlar ittifoqi raisi Xolid Husayn Baat Hindistonning harakatlarini tajovuzkorlik deb baholadi.
«Bu haqiqiy urush. Bizda shundoq ham iqlim o‘zgarishi tufayli suv yetishmayapti. Bu yil yomg‘ir va qor kam yog‘ib, suv sathi o‘tgan yilga nisbatan 20-25 foizga pasaygan», – deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters.
Urush boshlanishi mumkinmi?
Hindiston mudofaa vaziri Rajnath Singh «qattiq javob» qaytarishga va’da berib, nafaqat hind zaminidagi hujumlar ijrochilariga, balki tashkilotchilarga ham qarshi harakat qilishga tayyorligini bildirdi.
Harbiy tarixchi Shrinath Raghavan BBC uchun bergan izohida 2016 va 2019 yillardagi pretsedentlarni eslagan. 2016 yilda, Urida 19 nafar hindistonlik askar o‘ldirilganida, Hindiston Kashmirning Pokiston qismidagi jangarilar lagerlariga aniq zarbalar yo‘llagandi. 2019 yilda, portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan avtomobil hind politsiyachilari ketayotgan avtobusga urilishi oqibatida 40 kishi halok bo‘lganida, Hindiston Balakidagi jangarilar lageriga aviazarba yo‘llagan, bu Pokiston hududiga 1971 yildan buyon yo‘llangan ilk zarba bo‘lgandi. Pokiston ham bunga javoban aviazarbalar amalga oshirgan. Bu davomli qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketgandi.
«Biz, katta ehtimol bilan, ichki auditoriyaga ham, Pokistondagi o‘yinchilarga ham qat’iyatni namoyish etadigan qat’iy javobga guvoh bo‘lamiz. 2016 yildan boshlab, ayniqsa 2019 yildan keyin javob harakatlari chegarasi transchegaraviy yoki havo hujumlari darajasiga chiqqandi. Endi hukumat bu darajadan pastroqda harakatlanishi qiyin bo‘ladi. Pokiston ham, katta ehtimol bilan, avvalgidek javob beradi», – deb hisoblaydi tarixchi.
Tashqi siyosat bo‘yicha tahlilchi Maykl Kugelman Hindistonning harbiy javobi ehtimolini yuqori deb atadi.
«Hindiston uchun bunday reaksiyaning asosiy afzalligi – siyosiy, chunki jamoatchilik bosimi keskin javobni talab qiladi», – dedi u BBC’ga.
Olbani universiteti (AQSh) xodimi Kristofer Klarining hisoblashicha, nazorat chizig‘i bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi 2021 yilgi kelishuv allaqachon buzila boshlagan va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi chegara orqali o‘t ochishni qayta boshlashni ma’qullashi mumkin. Bundan tashqari, havo hujumlari yoki hatto 2019 yilda bo‘lgani kabi qanotli raketalar bilan hujumlar tiklanishi mumkin. Bularning barchasi Pokiston tomonidan ham eskalatsiya xavfini keltirib chiqaradi.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi har qanday inqirozning eng jiddiy xavflaridan biri shundaki, ikkala davlat ham yadro quroliga ega.
«Yadro quroli – bir vaqtning o‘zida ham tahdid, ham tiyib turuvchi omil: u har ikki davlat rahbarlarini ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur etadi. Javob, katta ehtimol bilan, aniq va nishonga yo‘naltirilgan tarzda taqdim etiladi. Pokiston ham xuddi shunday javob berishi, keyin esa keskinlikni yumshatish imkoniyatini izlashi mumkin. Biz bunday modelni boshqa mojarolarda ham ko‘rdik, masalan, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojarolarda – muayyan nuqtalarga zarbalar ortidan keskinlikni kamaytirishga urinishlar. Ammo xavf shundaki, har doim ham barchasi rejadagidek kechmasligi mumkin», – deb hisoblaydi Raghavan.
So‘nggi yillardagi eng yirik hujum
22 aprel kuni qurollangan odamlar Palaghamda sayyohlar guruhini o‘qqa tutdi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, kamida 26 kishi halok bo‘lib, 17 kishi yaralangan.
Palagham Kashmirda, Hindiston ham, Pokiston ham da’vo qiladigan, ayni vaqtda Hindiston nazoratida bo‘lib turgan hududda joylashgan. Bu yerda asosan musulmon diniga e’tiqod qiluvchilar istiqomat qiladi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi hodisani terrorchilik hujumi deb atagan, hukmron Hindiston xalq partiyasi rahbari Ravinder Rayna hujumda pokistonlik jangarilarni ayblab, ularni va ularga yordam berganlar topilishi hamda jazolanishiga va’da bergan.
Region rahbari Oman Abdulla X ijtimoiy tarmog‘ida bu «so‘nggi yillarda tinch aholiga nisbatan sodir etilgan eng keng miqyosli hujum bo‘lgani»ni ta’kidlagan.
Mavzuga oid

18:09 / 24.04.2025
Hindiston Kashmirda sayyohlarga uyushtirilgan hujumdan keyin pokistonliklar vizasini bekor qildi

13:30 / 24.04.2025
90 foiz uylar vayron bo‘lgan G‘azo, Kashmirdagi teraktda ayblanayotgan Pokiston va barbod bo‘lgan London muzokaralari - kun dayjesti

09:30 / 24.04.2025
Hindiston Kashmirdagi teraktdan keyin Pokistonga cheklovlar joriy qildi

23:43 / 23.04.2025