Jahon | 17:05 / 24.04.2025
3835
3 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask va moliya vaziri Skott Bessent Oq uyda janjallashib ketdi - Axios

Oval kabinetda sodir bo‘lgan mojaroni Donald Tramp va boshqa amaldorlar ham kuzatgan. Mask va Bessent o‘rtasidagi bahsga Soliq xizmatiga tayinlangan yangi boshliq sabab bo‘lgan.

Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask va AQSh moliya vaziri Skott Bessent o‘tgan hafta Oval kabinetda Donald Tramp hamda amaldorlar oldida janjallashib ketdi. Bu haqda ikki guvoh va uch nafar manbasiga tayanib Axios xabar berdi.

Guvohlardan biri ushbu sahna va uning ishtirokchilarini quyidagicha tasvirlaydi: «O‘rta yoshdagi ikki milliarder Oq uyning G‘arbiy qanotidagi zalni WWE (restling-promoushn) deb o‘yladi». Guvohning ta’kidlashicha, ular bir-birini haqorat ham qilgan.

Bahs shu qadar qizg‘in tus olganki, Mask va Bessent o‘rtasiga ularni ajratish uchun yordamchi kirishga majbur bo‘lgan. Axios’ning yozishicha, ushbu janjalni o‘sha kuni Tramp bilan uchrashish uchun Oq uyga kelgan Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ham eshitgan. «Bu haqiqiy tomosha edi. Juda baland ovozda bo‘ldi», — deya ta’riflagan yana bir manba.

Bahsga Soliq xizmatiga kim rahbarlik qilishi borasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan. Tramp Mask tomonidan ilgari surilgan Gari Sheplini Soliq xizmati boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan. Bessent esa bu lavozimga moliya vaziri o‘rinbosari Maykl Folkenderni qo‘ymoqchi bo‘lgan va Mask uning ortidan ish qilganidan jahli chiqqan. Axios’ning qayd etishicha, ushbu tortishuv Maskning uslubi Tramp ma’muriyatidagi yuqori martabali amaldorlarga qanchalik yoqmayotganini ko‘rsatib bergan. «Bu nima to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi uchun kurash emas. Gap nazorat haqida ketmoqda», — deydi nashr manbasi.

Eslatib o‘tamiz, mart boshlarida Ilon Mask va AQSh Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasida Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida mojaro yuzaga kelgan edi. Mojaro davomida Donald Tramp hech narsa demagan va shunchaki nima bo‘layotganini kuzatgan. Bahs cho‘zilib ketganidan keyin AQSh prezidenti aralashib, «Rubio ajoyib ish qilyapti» degan.

Mavzuga oid