Kokainni qonuniylashtirishga chaqirgan Kolumbiya prezidenti giyohvand moddalarga qaramlikda ayblandi
Prezident Gustavo Petro ba’zida muhim uchrashuvlarga kechikishi yoki umuman bormasligi, hatto bir necha kunga jamoatchilik ko‘z o‘ngidan yo‘qolib qolishi bilan tanilgan. Kolumbiya sobiq tashqi ishlar vaziri prezidentda «narkotiklar bilan muammo borligini» ma’lum qildi.

Foto: AFP/Getty Images
Kolumbiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Alvaro Leyva yaqinda kokain savdosini qonuniylashtirishni taklif qilgan mamlakat prezidenti Gustavo Petroni giyohvandlikka qaramlikda aybladi. Petroning o‘zi esa faqat bir narsaga — qahvaga qaramligini aytgan, deb yozadi Financial Times.
Leyvaga ko‘ra, bu ayblovga asos bo‘lgan holat 2023 yil iyun oyida, Fransiyaga uyushtirilgan rasmiy tashrif davomida Petroning Parijda ikki kunga «yo‘qolib qolishi» bilan bog‘liq. «Aynan Parijda sizda narkotiklar bilan muammo borligini tasdiqladim. Afsuski, siz sog‘aymadingiz», — deb yozgan Leyva X ijtimoiy tarmog‘iga. U qaysi turdagi giyohvand moddani nazarda tutayotganini ochiqlamagan. Leyva Petro prezidentligi davrida, 2022 yil avgustidan boshlab deyarli ikki yil tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan. «Yaxshi ma’lumki, sizda tez-tez yolg‘izlik, xavotir, tushkunlik va boshqa holatlar kuzatiladi, ularni yengish oson emas», — deb yozadi sobiq vazir.
2023 yil noyabr oyida jurnalist Mariya Ximena Duzan Petroning tez-tez «g‘oyib bo‘lib turishini» uning sir saqlashga urinayotgan qaramligi bilan bog‘lagan edi. Bunga javoban Petro ijtimoiy «Mening yagona qaramligim — bu ertalabki qahva», deb yozgandi. Prezident ba’zida muhim uchrashuvlarga kechikishi yoki umuman bormasligi, hatto bir necha kunga jamoatchilik ko‘z o‘ngidan yo‘qolib qolishi bilan tanilgan.
Fevral oyida Petro Kolumbiyada kokain savdosini qonuniylashtirishga chaqirgan va uni «viskidan yomon emas» deb ta’riflab, «vino kabi talabga ega bo‘ladi» degan fikrni bildirgan. Bungacha mamlakat ichki ishlar vaziri Armando Benedetti ham o‘zining giyohvandlikka qaramlikka qarshi kurashi haqida ochiq gapirgan edi.
Kolumbiya — dunyodagi eng yirik kokain ishlab chiqaruvchi davlat. Petroning prezidentligi davrida ushbu giyohvand moddaning ishlab chiqarilishi so‘nggi yigirma yildagi eng yuqori darajaga yetgan. BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Kolumbiyada 2 664 tonna sof kokain ishlab chiqarilgan (bu 2022 yildagidan 53 foizga ko‘p). Kokain tayyorlanadigan koka daraxti ekiladigan yer maydoni 253 ming gektarga yetgan.
Petro 2022 yil avgust oyida prezident lavozimiga kirishgan. U saylovning ikkinchi bosqichida ozchilik farq bilan g‘alaba qozongan va «Kolumbiya uchun tarixiy pakt» nomli so‘l va so‘l markaz partiyalar ittifoqi vakili sifatida nomzodini ilgari surgan edi.
Mavzuga oid

00:05 / 18.04.2025
Kolumbiyada sariq bezgak tufayli favqulodda holat rejimi e’lon qilindi

00:35 / 03.04.2025
Atlantika okeanida 6,5 tonna kokain ortilgan suvosti kemasi to‘xtatib qolindi

18:07 / 19.03.2025
Kolumbiya senati prezidentning mehnat islohoti to‘g‘risidagi qonun loyihasini blokladi

18:20 / 29.01.2025