O‘zbekiston | 10:30 / 24.04.2025
1110
5 daqiqa o‘qiladi
Reklama

“O‘zbekgidroenergo” AJda zamonaviy andozalarga mos Vaziyatlar markazi faoliyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi

23 aprel kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ qoshidagi zamonaviy andozalarga mos “Vaziyatlar markazi”da bosma va elektron OAV vakillari, blogerlar va jurnalistlar ishtirokida Markaz faoliyatini yoritishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Tadbirni “O‘zbekgidroenergo” AJ Apparat rahbari Suhrob Hamroyev ochib berib, amalga oshirilgan ishlar va mos Vaziyatlar markazi faoliyati to‘g‘risida tadbir ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berdi.

Markaz faoliyati haqida sohadagi boshqa mutaxassislar ham to‘liq va batafsil aytib o‘tishdi. Markaz joylardagi tizimlarning uzluksiz ishlashini ta’minlab, AJ tasarrufidagi jami 6 ta suv ombori hamda 80 tadan ziyod katta va kichik GESlarni real vaqt rejimida mukammal kuzatish va tahlil qilish imkoniyatini yaratilgan.

Shuningdek, chuqur o‘rganishlar asosida Jamiyat tasarrufidagi suv omborlarini xavfsiz ishlashini ta’minlab borish maqsadida barcha turdagi nazorat-o‘lchov qurilmalariga zamonaviy datchiklar o‘rnatilib, ma’lumotlarni onlayn tarzda yuqori aniqlikda uzatish, suv omborlari xavfsizlik holatini doimiy monitoring qilish hamda hodisalarni elektron tarzda avtomatik qayd etishga erishildi. Bunda, Italiyaning nufuzli “SISGEO” kompaniyasining jami 1500 ga yaqin zamonaviy va yuqori aniqlikdagi qurilma va jihozlari (datchiklar) obektlarga o‘rnatildi.

Bu orqali olinayotgan axborotlarning ishonchliligi va tezkorligi oshib, suv omborlaridagi gidrotexnika inshootlari uchun ishlab chiqilgan miqdor va sifat tashxis ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq xavfsizlik mezonlarini inson omilisiz onlayn tarzda nazorat qilish, baholash, ularni operativ tahlil qilish va tegishli chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati yaratildi.

Yana bir muhim jihat, amalga oshirilgan barcha raqamlashtirish va avtomatlashtirish chora-tadbirlari asnosida, respublikamizda birinchi marotaba mahalliy mutaxassislarni jalb etgan holda, suv omborlari uchun “Xavfsizlik mezonlari” ishlab chiqildi. Bunda, suv omborini xavfsiz ishlatish bo‘yicha mezoniy ko‘rsatkichlar belgilandi. Bugungi kunda “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvidagi suv omborlarida to‘liq avtomatlashtirilgan tizim yaratildi.

Bundan tashqari, Germaniyaning “Yer tadqiqotlari markazi”ning “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi tomonidan hududda suv zaxiralarini aniqlash, uzluksiz kosmik kuzatuvlarga asoslangan suv zaxirasini monitoring qilish “MODSNOW” dasturi tizimda joriy etildi. Bu bilan dasturiy ta’minotda sun’iy yo‘ldoshdan olingan foto va videosuratlar yordamida matematik hisoblarni amalga oshirish orqali qor zaxirasini katta aniqlik bilan hisoblash imkoni yaratildi.

Ushbu Markaz faoliyati tizimdagi GESlar hamda suv omborlari joriy faoliyatini to‘liq qamrab olgan raqamlashtirish jarayonini o‘z ichiga olib, elektr energiya ishlab chiqarish, gidrotexnik inshootlar barqarorligi va xavfsizligini ishonchli ta’minlash, inshootlar umumiy ekspluatatsiyasidagi barcha texnologik va texnogen vaziyatlarni doimiy kuzatib borish, markazlashgan ASKUE tizimi bilan integratsiya qilish, GESlar va suv omborlarida o‘rnatilgan zamonaviy dasturiy texnologiyalar, ilg‘or asbob-uskunalar va nazorat-o‘lchash qurilmalari orqali avtomatik ravishda tizimli monitoringni olib borishga mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, Jamiyatning Raqamli transformatsiyasi dasturi doirasida markazdagi ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlash, xavfsiz aloqa tizimini joriy etish, turli zararli dasturlardan himoya qilish bo‘yicha korporativ tarmoq joriy etildi.

Jamiyat ma’muriy binosida ma’lumotlarni qayta ishlovchi markaz faoliyati (SOD) yo‘lga qo‘yildi.

Tizimdagi barcha GES va suv omborlarida markazlashgan IP-telefoniya tizimi foydalanishga topshirildi.

Zamon talabidan kelib chiqib, tizim korxonalarida intellektual videokuzatuv tizimlari barpo etildi. Barcha tizim korxonalarida 1000 dan ortiq yangi avlod kameralari bilan jihozlanib, Vaziyatlar markaziga ma’lumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn uzatib borilishi ta’minlandi.

Qolaversa, biron-bir axborot tizimida nosozlik, texnik uzilish yuzaga kelsa, uni Markaz orqali tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish mumkin bo‘ladi.

Eng avvalo, “Vaziyatlar markazi”ning tashkil etilishi natijasida gidroenergetika sohasidagi barcha axborot tizimlarini yagona majmua orqali nazorat qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Albatta, axborot tizimi va dasturiy ta’minot joriy etildimi, uning xavfsizligi ta’minlanishi zarur. Buning uchun Jamiyat tomonidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda kiberxavflarni aniqlash va ularga tezkor choralar ko‘rish, ma’lumotlar maxfiyligi va xavfsizligini ta’minlash, uchinchi shaxslar ulardan g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanishining oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rildi.

Tadbir davomida, OAV vakillari Jamiyat tasarrufidagi “Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti” NTM faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar, o‘quv muassasasida tashkil etilgan amaliy laboratoriya faoliyati borasida mutaxassislardan ma’lumot olishdi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid