Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov Samarqandda muzokara o‘tkazdi
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
24 aprel kuni Silk Road Samarkand majmuasida prezident Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Ko‘p qirrali hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, barcha darajalarda samarali muloqot olib borilmoqda. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi, madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Poytaxtlarda savdo uylari ochilib, yuk tashish hajmi oshmoqda. Yaqin yillarda tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida o‘zaro manfaatli kooperatsiya rivojlanmoqda. Birgalikda «Shovot-Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda.
Faol hududlararo muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan, madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha katta dasturlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda Xiva shahrida uchinchi Hududlar forumini hamda O‘zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishildi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy sheriklikka doir masalalar, shu jumladan «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi bo‘lajak sammitlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashdilar.
Davlat rahbari Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida o‘tkaziladigan forum va boshqa xalqaro tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti turkman xalqining milliy yetakchisiga uning qalamiga mansub «Tafakkur gavhari» kitobining o‘zbek tilidagi nusxasini topshirdi.
Mavzuga oid

18:14
Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov birgalikda daraxt ekib, «Zamonlar sadosi» ko‘rgazmasi bilan tanishdi

14:31
Turkman xalqining milliy yetakchisi «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi

07:30
Gurbanguli Berdimuhamedov Samarqandda Hazrati Xizr majmuasiga va «Boqiy shahar» bog‘iga tashrif buyurdi

17:44 / 23.04.2025