Jamiyat | 18:41 / 25.04.2025
3919
3 daqiqa o‘qiladi

“Chelaklab suv tashib amallab ko‘kartirib olganman” – tog‘ bag‘rida bog‘ yaratgan so‘xlik 93 yoshli Nuriddin ota hikoyasi

Nuriddin ota Ayniddinov tog‘ bag‘ridagi suvsiz tashlandiq yerni obod qilib, bog‘ yaratdi. Ekkan o‘rik ko‘chatlari allaqachon bo‘y cho‘zib daromadga ham kirgan. U har kuni 6 km piyoda yo‘l bosib bog‘idan xabar oladi. “Piyoda yurishning gashti boshqa, tanada qon yuradi, kun bo‘yi o‘zimni tetik his qilaman”, – deydi Nuriddin ota.

Nuriddin ota bog‘ yaratishdagi qiyinchiliklar, mashaqqat bilan paydo bo‘lgan bog‘ bugun daromadga kirgani haqida so‘zlab berdi.

“1991 yilda tog‘ bag‘ridagi 50 sotix tashlandiq yotgan yerni o‘zlashtirib, mevali ko‘chatlar ekdim. Tepalikka suv chiqarish mushkul edi. Chelaklab suv tashib amallab ko‘kartirib olganman.

Har kuni sahar kelib kech qaytaman, daraxtlar tagini chopaman, suv quyaman. Bog‘ga kelish uchun bir kunda 6 km piyoda yo‘l bosaman. Yo‘l-yo‘lakay ulov to‘xtasa ham minmayman. O‘g‘illarim mashinada olib borib qo‘yaman desa ham unamayman. Piyoda yurish “fizzaryadka” bo‘ladi-da menga.

O‘zim ekkan ko‘chatlarni ko‘rsam, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Xursand bo‘laman. Minnatdor bo‘lamanki, qilgan ishim zoya ketmadi.

Daraxtlarni ko‘kartirguncha ancha ter to‘kdim. Tepalikka chelakda suv tashib, “baklajka”ga suv quyib, ko‘chatlarga bog‘lab ketardim. Bog‘ bo‘ladimi, bu yer, suv yo‘q-ku, qurib qoladi bir kun, deganlar ko‘p bo‘ldi. Ularning gapiga parvo qilmadim. Mehnatlarim samara berdi. Shunday qilib go‘zal manzarali bog‘ yaratdim. Tashlandiq yer edi-da bu joylar. Daraxtlarni tashlab qo‘ymayman, Xudo xohlasa, har birini o‘z farzandimdek ko‘raman.

Hech kimning boshiga tushmasin desangiz, baribir iloji yo‘q ekan. Kampirim men bilan birga bog‘ga kelib ishlar edi. Uyda, uydagi ishlarni qilar edi, men bu yerga kelsam. Endi Parvardigorga kerak bo‘ldi, o‘tgan yilning qishida olamdan o‘tdi. Endi bu yog‘iga Xudoning o‘zi meni saqlasin. Ojiz bandamiz, qo‘limizdan hech narsa kelmaydi-da.

Banda bo‘lgandan keyin bir kun o‘lim bor. To‘rtta o‘g‘lim bor. 50 tagacha nevaram, 25 ta chevara bor. Bog‘im bilan ovunib yuribman”, – deydi Nuriddin ota Ayniddinov.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid