O‘zbekiston | 08:56
893
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonni qizamiqdan xoli hudud maqomini tiklash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi

Qizamiq kasalligining oldini olishda bolalarni vaqtida va to‘liq emlash eng samarali chora ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati

Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Xalqaro immunizatsiya haftaligi doirasida «Qizamiq kasalligining oshishi sabablari, oldini olish choralari» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xabariga ko‘ra, 2024 yilda Yevropa mintaqasida qizamiq bilan kasallanishga oid 127 mingdan ortiq holat qayd etilgan va ushbu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan ikki barobarga ko‘paygan.

O‘zbekistonda qizamiqqa qarshi emlash Milliy emlash kalendari asosida amalga oshiriladi va 2024 yilda emlangan bolalar qamrovi 99,3 foizni tashkil etgan. Shunga qaramay, ayrim hududlarda qizamiq bilan kasallanish holatlari qayd etilgan.

Qizamiq kasalligining oldini olishda bolalarni vaqtida va to‘liq emlash eng samarali chora ekani alohida ta’kidlandi. Jumladan, qizamiq, qizilcha va tepkiga qarshi bola birinchi marta 12–15 oyligida, ikkinchi marta bolalar bog‘chasiga borishidan oldin, ya’ni 4–6 yoshda emlanishi lozimligi ta’kidlandi. Targ‘ibot tadbirlarida «mahalla yettiligi» va butun jamoatchilik birgalikda ishtirok etishi lozimligi ta’kidlandi.

Tadbirda ishtirok etgan sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha xalqaro va mahalliy ekspertlar davlat qizamiq kasalligiga qarshi vaksina bilan uzluksiz ta’minlayotganini, qizamiq kasalligini davolash jarayonlari zamonaviy davolash protokollari orqali amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.

Davra suhbati yakunida senatorlar va mutaxassislar tomonidan qizamiqning tarqalishiga barham berish hamda O‘zbekistonni qizamiqdan xoli hudud maqomini tiklash bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mavzuga oid