Jahon | 18:01 / 25.04.2025
5497
2 daqiqa o‘qiladi

Peruda 5 ming yillik mumiyo topildi

Mumiyolangan ayolning yoshi 25-30 yosh atrofida bo‘lgan. Oradan 5 ming yil o‘tgan bo‘lsa ham uning terisi, sochlari va tirnoqlari saqlanib qolgan.

Foto: AP

Peruda arxeologlar yuqori ijtimoiy mavqega ega bo‘lgan yosh ayolning mumiyolangan qoldiqlarini topdi, deb xabar berdi mamlakat Madaniyat vazirligi.

Hozirga qadar saqlanib qolgan mumiyo qariyb 5 ming yil oldingi davrga tegishli ekani taxmin qilinmoqda. U qadimgi Karal-Supe sivilizatsiyasining (miloddan avvalgi 3000–1800 yillar) markazlaridan biri bo‘lgan Aspero hududidagi qazishmalar vaqtida topilgan.

Ayolning yoshi 25-30 yosh atrofida bo‘lgan. Oradan 5 ming yil o‘tgan bo‘lsa ham uning terisi, sochlari va tirnoqlari saqlanib qolgan. Mumiyoning jasadi bir nechta matoga o‘ralgan — jumladan, paxta va qamishdan to‘qilgan bo‘yraga.

Bundan tashqari, qabrda arxeologlar tomonidan «ayolga taqdim etilgan hadyalar» deb atayotgan ko‘plab artefaktlar mavjud. Ular orasida — to‘rt dona qamishdan yasalgan savat, naqshlar tushirilgan igna, Amazoniya chig‘anog‘i, rang-barang taqinchoqlar bilan bezatilgan tukan tumshug‘i, jun mato, baliq ovlash to‘ri, 30 ga yaqin shirin kartoshka tugunagi va to‘quv asboblari mavjud.

Qabrga qo‘yilgan buyumlar va mumiyoning dafn libosini tahlil qilgan arxeologlar bu ayol jamiyatda yuqori mavqega ega bo‘lgan degan xulosaga kelishgan. Bungacha Asperoda yana to‘rtta «elita»ga tegishli qabr topilgan edi. Olimlarning fikricha, bu topilmalar qadimgi Karal-Supe sivilizatsiyasi shakllanish davrida jamiyatda ijtimoiy tashkilot mavjud bo‘lganidan dalolat beradi.

Mavzuga oid