Jahon | 13:54
2777
9 daqiqa o‘qiladi

G‘arbiy sohildagi quvg‘inlar, Falastin uchun kurashayotgan Harvard va portlatilgan rus generali - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘arbiy sohilda minglab odam quvg‘inga uchramoqda

Isroil O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilida eng yirik majburiy ko‘chirish amaliyotini amalga oshirdi. 1967 yildan buyon ilk bor 40 ming falastinlik o‘z uylaridan majburan ko‘chirildi. Oqibatda, minglab oilalar boshpanasiz qoldi.

Qaror G‘arbiy sohildagi Tulkarm va Nur-Shams qochqinlar lagerlariga qilingan vayronkor reydlar ortidan qabul qilindi. Reydlar natijasida shahar hududlarida keng ko‘lamli buzg‘unchiliklar qayd etildi.

Xalqaro kuzatuvchilar mazkur harakatlarni inson huquqlari buzilishi deb baholamoqda. Ular Isroil hukumatiga falastinliklar huquqlarini hurmat qilish va zo‘ravonlikka barham berish chaqiriqlari bilan chiqdi.

Harvard Falastin uchun kurashda davom etadi

AQShning eng qadimiy va boy universiteti Harvard rahbari Alan Garber ta’lim muassasasi akademik erkinligini himoya qilishda davom etishini ma’lum qildi.

Bu bayonot Donald Trampning 9 milliard dollarlik moliyalashtirishni muzlatish tahdidi fonida yangradi. Garber Harvardda aksilmusulmon va aksilfalastin chiqishlarga qarshi kurash bo‘yicha tanqidiy va og‘riqli hisobot tayyorlanayotganini e’lon qildi.

Kelib chiqishi yahudiy bo‘lgan Garber Trampning harakatlarini noqonuniy, hukumatning antisemitizm bo‘yicha bahonasini esa asossiz deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu choralar talabalar, olimlar va AQShning oliy ta’limi nufuziga jiddiy tahdid solmoqda.

Harvard prezidenti antisemitizm va aksilisroil kayfiyati hamda aksilmusulmon va aksilfalastin chiqishlarga qarshi ikki alohida hisobot tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Garber bu guruhlar o‘tgan yili tashkil etilganini va ularning hisobotlari ochiq va og‘riqli bo‘lishini ta’kidladi.

Pokiston total urush haqida ogohlantirdi

Pokiston mudofaa vaziri Havaja Asif mamlakat Hindistonning Kashmirdagi teraktga aloqadorlik ayblovlarini qat’iy rad etganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu voqea «begona bayroq ostidagi operatsiya» bo‘lishi mumkin. Asif Pokistonning Kashmirda faoliyat yuritayotgan hech qanday qurolli guruhlar bilan aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat harbiylari barcha ehtimoliy tajovuzlarga tayyor holda. Agar Hindiston tomonidan keng ko‘lamli hujum boshlansa, Pokiston «total urush» bilan javob qaytaradi. Asif muammolarni muzokara yo‘li bilan hal qilish zarurligini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyat va AQSh hukumatini mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun aralashuvga chaqirdi.

Shu bilan birga, Hindiston ayblovlarini qo‘llab-quvvatlovchi hech qanday dalil taqdim etmagani qayd etildi. Avvalroq «Qarshilik fronti» deb nomlangan kichik qurolli guruh terrorchilik akti uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan edi. Bu guruh 2019 yilda Kashmirning avtonomiyasi bekor qilinganidan keyin tashkil etilgan.

Putin Tramp vakilini qabul qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Uchrashuvda shuningdek prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va investitsiya-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakil Kirill Dmitriyev ham ishtirok etdi. Uitkoff samolyoti 25 aprel kuni tongda Vnukovo aeroportiga qo‘ndi.

Bu fevraldan beri Putin va Uitkoff o‘rtasidagi to‘rtinchi uchrashuvdir. AQShning maxsus vakili Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda faol ishtirok etmoqda.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov avvalroq Rossiya ba’zi tafsilotlar kelishilgandan so‘ng kelishuv imzolashga tayyor ekanini aytgandi. Lavrov Trampni «dunyodagi yagona yetakchi» sifatida e’tirof etgan.

Klichko: «Tinchlik uchun yerlardan vaqtincha voz kechish mumkin»

Kiyev meri Vitaliy Klichko BBCga bergan intervyusida Ukraina tinchlikni ta’minlash maqsadida vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlardan voz kechishi mumkinligini bildirdi. U bunday qaror «adolatsiz», ammo «vaqtinchalik tinchlik uchun yechim» bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Klichko Ukraina xalqi hech qachon o‘z mamlakatining boshqa bir davlat tomonidan ishg‘ol bo‘lishini qabul qilmasligini alohida qayd etdi. Uning intervyusi Kiyevga qilingan kuchli raketali hujumda 12 kishi halok bo‘lgan va 90 kishi jarohatlangan paytda bo‘lib o‘tdi.

BBC Klichko va prezident Volodimir Zelenskiy o‘rtasida siyosiy kelishmovchiliklar borligini eslatdi. Mer prezident ma’muriyatini uni obro‘sizlantirishga urinishda ayblab keladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda katta ildamlash kuzatilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Moskva butun Ukraina hududini bosib olish rejasidan voz kechishga tayyor ekanini bildirgan.

Tramp buni Rossiya tomonidan «juda jiddiy ustuvorlik» sifatida baholadi. Ushbu bayonotlar «Trampning tinchlik rejasi» atrofidagi faol muhokamalar fonida yangradi. Rejada urush tugatilgan taqdirda Yevropaning Ukrainada harbiy kuch joylashtirish ehtimoli ham nazarda tutilgan.

Balashixada rus generali portlatildi

25 aprel kuni Moskva ostonasidagi Balashixa shahrida avtomobil portlashi oqibatida Rossiya armiyasi general-leytenanti Yaroslav Moskalik halok bo‘ldi. U Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabining Bosh operatsiya boshqarmasi rahbariyatida faoliyat yuritgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Volkswagen Golf avtomashinasiga o‘rnatilgan portlovchi moslama masofadan turib portlatilgan. Moskalik portlash paytida avtomobil yonida bo‘lgan va zarba oqibatida bir necha metrga otilgan. Yaqin atrofdagi uylarning oynalari ham singan.

Tergov qo‘mitasi generalning o‘limi faktini tasdiqladi va qotillik hamda portlovchi moddalar muomalasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. General Moskalik avvalroq Ukraina bilan normand formatidagi muzokaralarda va Suriyadagi operatsiyalarda ishtirok etgan.

Balashixadagi portlash Rossiyada yuqori lavozimli harbiylar o‘limi bilan bog‘liq birinchi hodisa emas. 2024 yil dekabrida Moskvada general Igor Kirillov ham xuddi shunday o‘ldirilgan edi.

Xitoy Tramp bojlarini his eta boshladi

Xitoy AQSh bilan savdo urushi keskinlashgan bir paytda iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kela boshladi. AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy mahsulotlariga 145 foizlik boj joriy etdi, bu esa ishlab chiqarish sektorida pasayish va eksport muammolarini kuchaytirdi.

Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, ko‘plab fabrikalar buyurtmalarning bekor qilinishi va ishchi quvvati qisqarishi bilan to‘qnash keldi. Apple kompaniyasi Amerika bozori uchun yig‘ilishlarni 2026 yil oxirigacha Hindistonga ko‘chirishini e’lon qildi.

Reutersʼning yozishicha, mahalliy korxonalar ichki bozor va Yaqin Sharq, Afrika bozorlariga moslashishga urinayotgan bo‘lsa-da, bu bozorlarda karrasiga past talab, kuchli raqobat va to‘lov muammolariga duch kelmoqda.

Xalqaro valuta jamg‘armasi ham Xitoy iqtisodiyoti o‘sish prognozini 4,6 foizdan 4 foizga pasaytirdi.

Javob tariqasida Pekin AQSh mahsulotlariga 125 foizlik boj va nodir metallar eksportiga cheklov joriy qildi. Tramp esa bojlarni pasaytirish ehtimolini bildirdi va Si Jinping bilan savdo munosabatlarini muhokama qilganini ma’lum qildi. Holbuki, ular muloqot qilishmagan.

Xitoy Oyni egallash rejasini boshladi

Xitoy «Shenjou-20» uchish missiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirib, Oyda baza qurish maqsadida tayyorgarlikni boshladi. 25 aprel kuni Jyutsyuan kosmodromidan Long March-2F raketasi yordamida start berildi.

Ekipajni 46 yoshli taykonavt Chen Dong boshqarmoqda, uning yonida ilk parvozini amalga oshirayotgan Chen Jungruy va Van Jye bor. Ular yarim yil davomida orbita stansiyasida ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Ilk bor kosmosga regeneratsiya qobiliyatiga ega planariya kiritildi.

Missiya Oyda yashashga yaroqli baza qurish uchun texnologik poydevor tayyorlashni maqsad qilgan. Xitoy shu bilan birga 14 mingta sun’iy yo‘ldoshdan iborat tarmoq qurishni boshladi va xalqaro hamkorlikni kuchaytirmoqda.

Xitoyning oxirgi yillardagi eng yirik yutuqlari orasida «Chan’e-4»ning Oyning orqa tomoniga qo‘nishi va «Chan’e-6» missiyasi orqali oy tuprog‘idan namuna olib kelingani qayd etilgan. AQSh va Xitoy o‘rtasida yangi Oy poygasi boshlangani ta’kidlanmoqda.

Mavzuga oid