Jahon | 21:23 / 27.04.2025
2719
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat kotibi kelasi hafta Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralar uchun «nihoyatda muhim» bo‘lishini aytdi

Davlat departamenti rahbari Marko Rubio AQSh urushni diplomatik yo‘l bilan yakunlashga umid qilayotgani bois Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etmayotganini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

AQSh Rossiya—Ukraina urushini diplomatik yo‘l bilan yakunlashga umid qilayotgani bois RFga qarshi yangi sanksiyalar joriy etmayapti. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi Marko Rubio NBC News’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Chunki biz urushni yakunlash bo‘yicha sa’y-harakatlar diplomatik yo‘l bilan hal bo‘lishiga va ikkala tomon pozitsiyalarini yaqinlashtira olishimizga umid qilyapmiz. Sanksiyalar joriy etishni boshlasangiz, urushni yakunlashdan uzoqlashib borasiz. O‘zingizni yana ikki yilga urushga mahkum qilasiz, biz esa bunday bo‘lishini xohlamaymiz», — deydi Rubio.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik sulhiga qachon erishish mumkinligi haqida gapirarkan, Davlat departamenti rahbari biror bir sanani belgilash «ahmoqlik» ekanini ta’kidladi. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, kelasi hafta «jinoyatda muhim» ahamiyatga ega bo‘ladi.

«Bu juda muhim hafta bo‘ladi, bu hafta nihoyatda ahamiyatli. Bu ishda ishtirok etishda davom etamizmi yoki boshqa, ahamiyati jihatdan kam bo‘lmagan, ba’zi hollarda esa undan ham muhimroq masalalarga e’tibor qaratish vaqti kelgan-kelmaganini hal qilishimiz kerak bo‘ladi. Optimistik bo‘lish uchun sabablar bor, ammo realistik bo‘lish uchun ham asoslar mavjud. Biz maqsadga yaqinmiz, lekin hali yetarlicha emas», — deydi davlat kotibi.

AQSh urushni yakunlash bo‘yicha fevral o‘rtalaridan beri Rossiya va Ukraina bilan alohida-alohida muzokaralar o‘tkazmoqda, ammo hozirda to‘liq va uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp hamda uning ma’muriyati amaldorlari agar tomonlar yaqin muddat ichida kelishuvga erishmasa, Vashington Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishi va muzokaralardan chiqishini ma’lum qilgandi.

30 aprel kuni Tramp prezidentlik lavozimiga kirishganining 100 kunligini nishonlaydi. U o‘zining saylovoldi kampaniyasida agar AQSh prezidentiga aylansa, Rossiya—Ukraina urushini 24 soatga yakunlashini aytgandi.

Mavzuga oid