Jahon | 15:24 / 27.04.2025
13609
6 daqiqa o‘qiladi

Erondagi portda dahshatli portlash ro‘y berdi

Eronning Bandar-Abbos shahri yaqinidagi portlash oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘lgan, mingdan ortiq kishi yaralangan. Hududda kuchli yong‘in ikki kundan buyon davom etmoqda.

Foto: EPA

Shanba kuni Eron janubidagi Bandar-Abbos shahri hududidagi Shahid-Rajoiy portida kuchli portlash ro‘y berdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 28 kishi halok bo‘lgan, 1139 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

IRNA xabariga ko‘ra, yana olti kishi bedarak yo‘qolgan, deb hisoblanmoqda, yaralanganlarning ko‘pchiligi og‘ir ahvolda.

Portlash sabablari to‘g‘risida hozircha rasmiy ma’lumot berilmadi, ammo bu O‘monda AQSh va Eron o‘rtasida yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarning uchinchi raundi boshlanishi ortidan ro‘y berdi.

«Hodisaga Shahid-Rajoiy porti bandargohi hududida saqlanayotgan bir nechta konteynerlar portlashi sabab bo‘lgan. Hozirda evakuatsiya ishlarini olib boryapmiz va yaradorlarni tibbiyot markazlariga olib ketyapmiz», – dedi favqulodda vaziyatlar boshqarmasining hududdagi vakili davlat televideniyesiga.

Yong‘in o‘chirilguniga qadar port faoliyati to‘xtatilgan va portda ishchilar soni ko‘p bo‘lgani hisobga olinsa, «katta ehtimol bilan, ko‘plab ishchilar hodisa oqibatida yaralangan va halok bo‘lgan, deyiladi agentlik xabarida.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, portlash oqibatida bir necha kilometr radiusdagi binolarning derazalari sinib ketgan, internetda tarqalgan kadrlarda portlashdan keyin osmonda qo‘ziqorin shaklidagi bulut hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Eron sog‘liqni saqlash vazirligi Ho‘rmuzgon viloyatida favqulodda holat rejimi e’lon qilib, aholidan uylarda qolish va derazalarni tambalab, niqob taqib yurish so‘ralgan.

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon portlash bo‘yicha tekshiruv borishini nazorat qilish uchun mamlakat ichki ishlar vaziri ushbu hududga yuborilganini ma’lum qilgan. U portlash oqibatida halok bo‘lganlar uchun «chuqur hamdardlik» izhor etgan.

Bandar-Abbosdagi Shahid-Rajoiy portidagi yong‘inni o‘chirish jarayoni
Razieh Pudat / ISNA / AP / Scanpix / LETA

Yong‘inni o‘chirish ishlarida samolyotlardan foydalanilmoqda. Bugun butun shahar, jumladan, o‘quv muassasalari, rasmiy idoralar binolari hamda korxonalar yopilishi kutilmoqda.

Mamlakat rasmiylari portlagan konteynerlarda aynan nima bo‘lganini ochiqlamayapti.

New York Times nashrining Eron islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador manbasi portda perxlorat natriy solingan konteynerlar portlaganini aytgan. Bu modda qattiq raketa yoqilg‘isi ishlab chiqarishda qo‘llanadi.

Avvalroq Eron davlat axborot agentligi portda kimyoviy moddalar solingan konteynerlar portlaganini aytgan amaldorning so‘zlaridan iqtibos keltirgan, biroq gap qaysi modda haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmagandi.

O‘z navbatida, Associated Press agentligi Ambrey xususiy qo‘riqlash firmasiga tayanib xabar berishicha, port mart oyida «perxlorat natriy asosidagi raketa yoqilg‘isi» partiyasini qabul qilgandi. Bu yoqilg‘i Xitoydan dengiz orqali Eronga jo‘natilgan. Yanvar oyida Financial Times nashri yoqilg‘i G‘azo sektorida Hamas bilan urush paytida Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumlar natijasida tugab qolgan Eronning raketa zaxiralarini to‘ldirish uchun ishlatilishi kerakligi haqida xabar bergandi.

Bandar-Abbos Fors ko‘rfazining O‘mon ko‘rfazi bilan tutashgan joyida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qirg‘og‘idagi strategik muhim nuqtada joylashgan. Portlar va kemachilik tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu – Erondagi eng yirik port hisoblanadi. O‘tgan yili mamlakatdagi konteynerlarning 85 foizi, shuningdek, Eron neftining katta qismi shu port orqali o‘tgan.

2020 yilda aynan shu portda turgan kompyuterlar kiberhujumga uchragan, bu mazkur obektga olib boruvchi quruqlik va suv yo‘llari faoliyatida keng miqyosdagi uzilishlarga sabab bo‘lgandi.

Washington Post gazetasi o‘shanda buning ortida oldingi kiberhujumlar uchun qasos olmoqchi bo‘lgan Isroil turganini xabar qilgandi.

Bandar-Abbosdagi portlash oqibatlari
Mohammad Rasoul Moradi / IRNA / AP / Scanpix / LETA

19 aprel kuni Rimda Eron va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi raundi yakunlangandi. Eron rasmiy nashrlari u «konstruktiv muhit»da o‘tganini xabar qilgan, ammo qandaydir yutuqlarga erishilgani haqida ma’lum emas.

Binyamin Netanyahu boshchiligidagi Isroil hukumati buni xato deb bilishini va Eronga harbiy zarba berilgandan keyingina u bilan muzokaralarga kirishish kerakligini bir necha bor ta’kidlagan.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati Isroilning Eronga zarbasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan. Ammo Isroil hukumati o‘z kuchlari bilan Eronning yadroviy va harbiy infratuzilmasiga zarar yetkazish niyatidan voz kechmagan.

Foto: AFP

Mavzuga oid