Jahon | 22:33 / 28.04.2025
900
2 daqiqa o‘qiladi

Fuji tog‘iga chiqishga uringan xitoylik talaba to‘rt kun ichida ikki marta qutqarildi

Avvaliga u poyabzali ostiga qotiriladigan maxsus moslamani yo‘qotib qo‘ygani uchun vertolyot yordamida qutqarilgan. Ikki kun o‘tgach, talaba yana tog‘ga ko‘tarilgan va bu safar ham yordamga muhtoj bo‘lib qolgan.

Foto: AFP/Getty Images

Yaponiyadagi Fuji tog‘ida ishlovchi qutqaruvchilar bir kishini ikki marotaba qutqarishga majbur bo‘ldi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, 27 yoshli xitoylik talaba Fuji tog‘ining cho‘qqisiga chiqish uchun 3 ming metr balandlikka ko‘tarilgan (Fuji balandligi — 3776 metr). Biroq oyoq kiyimi tagiga bog‘lab olinadigan tishli maxsus moslamasini yo‘qotib qo‘ygani uchun u mustaqil pastga tusha olmagan. Qutqaruvchilar omadsiz alpinistni vertolyot yordamida qutqargan.

Oradan ikki kun o‘tgach, yigit tog‘da qolib ketgan shaxsiy buyumlari va smartfonini olish uchun yana unga ko‘tarilgan. Ikkinchi chiqish ham omadsiz kechgan, talabada balandlikka chiqqanda kuzatiladigan kasallik belgilari paydo bo‘lgan va uni yana qutqarishga to‘g‘ri kelgan.

Shizuoka prefekturasi rahbariyati mavsumdan tashqari vaqtda Fujiga ko‘tarilish xavfli ekanini eslatgan. Chunki yilning bu vaqtida ob-havo keskin o‘zgarib, nafaqat havaskorlar, balki tajribali alpinistlarga ham xavf tug‘diradi. Tog‘ga ko‘tarilish mavsumi iyul oyidan sentabrga qadar davom etadi, bu vaqtdan tashqari u yerda instruktorlar ham, tibbiyot punktlari ham bo‘lmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar talaba qutqaruvchilarni ovora qilgani uchun jarima to‘lashi kerakligini yozmoqda, chunki u toqqa ko‘tarilish bo‘yicha barcha qoidalarni buzgan holda harakatlangan.

Mavzuga oid