Jahon | 23:23 / 28.04.2025
2181
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Yerni samolyotlar yordamida sovitish usulini topdi

Buning uchun 13 km balandlikka ko‘tarila oladigan Boeing 777F yuk tashuvchi samolyotlaridan foydalansa bo‘ladi.

London universitet kolleji olimlari sayyorani sovitish uchun yangi samolyotlar yaratmasdan, mavjudlaridan ham foydalanish mumkinligini aniqladi. Gap Quyosh nurini qaytarib, Yerdagi haroratni pasaytirishga xizmat qiladigan mayda zarralarni atmosferaga qo‘shish usuli haqida ketmoqda. Tadqiqot natijalari Earth jurnalida chop etildi.

Oldinlari buning uchun aerozollarni juda yuqoriga — ekvator hududida qariyb 20 kilometr balandlikka olib chiqish kerak deb hisoblanardi. Bu esa maxsus samolyotlarni yaratishni talab etadi.

Yangi tadqiqot natijalari esa agar zarralar Yer qutblariga yaqin hududda, masalan, Norvegiya yoki Alyaskada 13 kilometr balandlikka sochilsa, haroratning sezilarli darajada sovishiga erishish mumkinligini ko‘rsatdi. Buning uchun esa oddiy Boeing 777F yuk tashuvchi samolyotlaridan ham foydalanish mumkin.

Ushbu usul ekvator yaqinida nisbatan balandroqqa sochilgan zarralarchalik samara bermaydi. Aynan kutilgan natijani olish uchun mazkur moddadan ko‘proq, ya’ni dastlabki hisob-kitoblardan uch barobar ko‘p foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bu esa kislotali yomg‘irlar kabi salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi ham bumkin. Shuningdek, bu kabi usul tropik mintaqalarni yaxshi sovitmaydi — mazkur hududlarda haroratning isish oqibatlari eng og‘ir kechadi.

Shunga qaramay, olimlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashning barcha mavjud imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqda. Mavjud samolyotlardan foydalanish, uzoq yillar yangi texnika yaratilishini kutishdan oson va arzonga tushar edi.

Tadqiqotda ta’kidlanishicha, ushbu usul baribir issiqxona gazlarini chiqarishni qisqartirish zaruratining o‘rnini egallamaydi. Global isish muammosining haqiqiy yechimi — bu uglerod izini kamaytirishga erishishdir.

Mavzuga oid