Jahon | 00:31
3069
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishi taqiqlangani haqidagi xabarlar asossiz - TIV vakili

Tashqi ishlar vazirligi vakili O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi mavjud vizasiz tartib o‘z kuchida qolayotganini ta’kidladi. 

Foto: TIV

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishi taqiqlangani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishi taqiqlangani haqida tarqalayotgan xabarlar asossiz va feykdir.

«O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi mavjud vizasiz tartib o‘z kuchida qolmoqda. Rasmiy manbalar bunday choralar joriy etilgani haqida hech qanday ma’lumot bermagan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, TIV vakili fuqarolardan faqat rasmiy va tasdiqlangan manbalarga ishonishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni Dubayda O‘zbekistonning o‘nlab fuqarolari ishtirokida pichoqbozlik sodir bo‘lgani haqida videolar tarqalgandi. BAA tomoni ushbu ish doirasida 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini bildirgan. 

Mazkur voqeadan keyin Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari sodir etayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. «O‘zbekiston fuqarolarini xorijda yurtdoshlarimiz sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqiramiz», deb yozgandi u.

Avvalroq Saudiya Arabistoni Turizm vazirligining Kun.uzʼga o‘ndan ortiq davlatlar, xususan, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun elektron vizaga murojaat qilish xizmati vaqtinchalik to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. Bu – sayohat yoki Umra maqsadida qirollikka borib, noqonuniy Haj qilishning oldini olish uchun ko‘rilgan chora sifatida baholanmoqda.

Mavzuga oid