Sanksiyalar ostidagi yetti nafar rossiyalikda Malta pasporti borligi aniqlandi
Ular «oltin viza» dasturi orqali olingan Malta pasportlari tufayli Yevropa Ittifoqi davlatlariga kirish imkoniyatini saqlab qolmoqda.

Foto: Imago
Ukrainadagi urush sabab G‘arb sanksiyalariga uchragan ba’zi rossiyalik biznesmenlar «oltin viza» dasturi orqali olingan Malta pasportlari tufayli Yevropa Ittifoqi davlatlariga kirish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Ular orasida ko‘mir sanoati milliarderi, Finlandiyada aktivlarga ega bo‘lgan millioner, ikki maqsadli tovarlar savdogari va Buyuk Britaniyada pul yuvish jinoyatida aybdor deb topilgan shaxs ham bor.
Financial Tiems sizib chiqqan hujjatlarga asoslanib, YeI a’zosi bo‘lgan Malta fuqaroligini olgan va keyinchalik AQSh, Yevropa Ittifoqi yoki Ukraina sanksiyalariga uchragan yetti nafar rossiyalikni aniqladi. Ularning eng mashhuri — biznesmen Albert Avdolyan bo‘lib, u Elginskiy ko‘mir kompleksiga egalik qiladi, «Rostex» yordamida Rossiyadagi eng yirik metallurgiya ko‘mir ishlab chiqaruvchisini yaratgan. Bundan avval u «Skartel» (Yota brendi) telekommunikatsiya operatorining ham hammuassisi bo‘lgan. Forbes 2025 yilgi milliarderlar ro‘yxatida uning boyligini 5 milliard dollarga baholagan (31-o‘rin). Avdolyan 2015 yilda (xotini va to‘rt farzandi bilan birga) Malta pasportini olgan va fevral oyida «Rostex» bilan yaqin aloqalari, Rossiya hukumati uchun «muhim daromad manbai bo‘lgani bois» Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan.
Malta pasportiga egalik qiluvchi yana uch nafar rossiyalik AQSh va Ukraina sanksiyalariga uchragan. Ular orasida — Yevgeniya Bernova ham bor, u AQSh tomonidan «Rossiya davlat idoralariga aloqador foydalanuvchilarga uskunalarni eksport qilishga ko‘maklashgani uchun» ayblangan. Qo‘shma Shtatlar rasmiylariga ko‘ra, Bernova o‘zining Maltadagi kompaniyasi orqali ikki maqsadli uskunalarni aldov yo‘li bilan sotib olib, uni Rossiyada harbiy maqsadlarda ishlatilishi uchun yetkazgan. Bernova o‘zining sanksiya ro‘yxatiga kiritilishini «AQSh hukumati tomonidan noto‘g‘ri tushunilgan holat» deb atagan.
Millioner Pavel Melnikov ham 2015 yilda Henley & Partners kompaniyasi orqali Malta pasportini olgan (Avdolyan oilasi ham xuddi shu kompaniya orqali pasportlarni qo‘lga kiritgan). FT ko‘rgan hujjatlarda keltirilishicha, 2018 yilda Finlandiya hukumati unga tegishli mulkni tintuv qilgan va 2025 yil fevral oyida uni soliq va buxgalteriya qoidalarini buzganlikda ayblab, sud qilgan. Natijada, uning Malta fuqaroligi bekor qilingan.
Yana bir firibgar — 24 yoshli Semen Kuksov bo‘lib, u o‘tgan yili Buyuk Britaniyada noqonuniy yo‘l bilan olingan daromadlarni yuvganlikda ayblanib hibsga olingan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u jinoyat yo‘li bilan topilgan pullarni yig‘ib, «yuvilgan mablag‘larni chet elga yetkazib berish uchun» kurerlik qilgan.
Malta — hozirda Yevropa Ittifoqida investitsiya evaziga fuqarolik beradigan so‘nggi davlatdir. Bungacha bunday dasturlar Kipr, Bolgariya va Yevropa Ittifoqidan chiqib ketgan Buyuk Britaniyada ham yopilgan edi. Malta dasturiga ko‘ra, nomzod kamida 600 ming yevro miqdorida bir martalik investitsiya kiritishi, ko‘chmas mulk sotib olishi yoki ijaraga olishi, 10 ming yevro xayriya qilishi va mamlakatda uch yil yashashi kerak. Agar nomzod 750 ming yevro investitsiya qilsa, yashash muddati bir yilga qisqartiriladi.
Yevrokomissiya Maltani sudga berib, ushbu dasturdan voz kechishni talab qilgan. Ularning fikricha, mazkur dastur «korrupsiya, pul yuvish va soliqlardan qochish kabi jiddiy xatarlarga olib kelmoqda». Bundan tashqari, bunday tizim «Yevropa Ittifoqi fuqaroligi mohiyatini va uni olishdagi halollik prinsiplarini buzadi».
Mavzuga oid

23:20 / 23.04.2025
Lavrov: Rossiya YeIning Markaziy Osiyoda hukmronlik o‘rnatishga bo‘lgan urinishlariga qarshi

17:55 / 18.04.2025
Yevroittifoq Rossiya aviakompaniyalari uchun o‘z osmonini ochishdan bosh tortdi

09:20 / 18.04.2025
Tramp YeI bilan savdo kelishuviga erishishiga «100 foiz» ishonch bildirdi

14:09 / 17.04.2025