O‘zbekiston | 15:26 / 29.04.2025
1944
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatchilarining mol-mulkini deklaratsiyalash bo‘yicha qonun loyihasi may oyida tayyor bo‘lishi kerak

Bu vazifa prezident farmonida belgilab qo‘yildi. Farmonga ko‘ra, vazir va hokim lavozimiga nomzodlar deputatlar tasdig‘idan o‘tish uchun korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq rejasini taqdim etib, himoya qilishi kerak bo‘ladi. Advokatlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ham ikki oy ichida tayyor bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2025 yil may oyida tayyor bo‘lishi kerak.

Bunday vazifa 21 aprelda imzolangan prezident farmonida keltirilgan.

Qonun loyihasida deklaratsiya sub’yektlari, obektlari va unda aks ettiriladigan ma’lumotlar, deklaratsiyani taqdim qilish shakli va tartibi, uni tekshirish tartibi nazarda tutiladi.

Topshiriq ijrosi uchun mas’ul sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura ko‘rsatilgan.

21 aprel kungi farmonga asosan, yana boshqa qator hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Xususan, vazir va hokim lavozimiga nomzodlar tegishlicha Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda ular korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq rejasini taqdim etib, himoya qilishi kerak bo‘ladi. Buning tartibini Oliy Majlis palatalari kelishuv asosida, 2025 yil may oyi oxirigacha ishlab chiqishi zarur.

Fuqarolarga sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishida advokatlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi 2025 yil iyun oyida tayyor bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Iyun oyi oxirigacha, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatiga oid farmon loyihasi ham ishlab chiqiladi va unda quyidagilar ko‘zda tutiladi:

  • davlat xizmatchilari reyestri;
  • kadrlarning korrupsiyaga moyillik darajasini o‘rganish tartibi;
  • davlat xizmatchilarini ishga qabul qilish jarayonini ochiq va shaffof o‘tkazish mexanizmlari;
  • davlat xizmatchisining malakasi va salohiyati, erishgan natijalarini IT texnologiyalar asosida baholash, nomzodlarni lavozimga tayinlashda ularning bilimi, tajribasi va erishgan natijalarini asosiy mezon sifatida belgilash;
  • vazirlik va idoralar markaziy apparatidagi rahbarlik lavozimlariga ustuvor ravishda quyi bo‘g‘inlarda ishlagan, tuman (shahar) darajasida rahbarlik lavozimlariga esa viloyat, respublika idoralarida ishlagan kadrlarni tayinlash bo‘yicha yangi tizim.

2025 yil iyungacha “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qayta ko‘rib chiqiladi va unda:

  • korrupsiya jinoyatlarning aniq ro‘yxati va bu borada jazo choralarini kuchaytirish;
  • korrupsiyaning oldini olish, aholini, ayniqsa, yoshlarni bunga toqatsizlik ruhida tarbiyalash, profilaktika mexanizmlarini yaratish;
  • korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish tartibi nazarda tutiladi.

Mahalla va korxonabay ishlash tizimida yashirin iqtisodiyotning oldini olish borasida soliq nazorati tadbirlarini takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi 2025 yil iyunda tayyor bo‘lishi kerak. Loyihada:

  • soliq organlari tomonidan korxona yoki tadbirkorlik sub’yektlarida soliqqa oid huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish;
  • soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda tadbirkorlik sub’yektlarini dastlab ogohlantirish;
  • huquqbuzarlik uch kun muddatda bartaraf etilmasa yoki takroran aniqlansa, shundan keyin soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibini joriy etish nazarda tutiladi.

Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) samaradorligini oshirishga oid qaror loyihasi ham ikki oy ichida tayyor bo‘lishi zarur. Loyihada:

  • korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining mustaqilligini ta’minlash;
  • korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining vazifa, funksiya, vakolat va majburiyatlarini aniq belgilash, shtatlar sonini belgilash mezonlarini ishlab chiqish;
  • majburiy tartibda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlarining malakasini oshirish;
  • ushbu bo‘linmalarning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oldida hisobdorligini ta’minlash;
  • tajriba tariqasida korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan ayrim sohalarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bo‘ysunuviga o‘tkazish nazarda tutiladi.

Mavzuga oid