Jahon | 18:56 / 29.04.2025
4782
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston xavfsizlik qo‘mitasi sobiq rahbarining qasri ijtimoiy ehtiyojlar uchun musodara qilindi

Karim Masimovga tegishli hashamatli uy auksionda sotilmay qolgach, davlat foydasiga o‘tkazildi.

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sudlangan sobiq raisi, sobiq bosh vazir Karim Masimovning Ostona shahridagi hashamatli uyi ijtimoiy ehtiyojlar uchun musodara qilindi. Bu haqda Qozog‘istonga qaytarilgan aktivlarni boshqaruv kompaniyasi xabar berdi.

«Boshqaruv kompaniyasi Ostona shahar ma’muriyatidan ushbu ko‘chmas mulkni shaharning ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanishga topshirish bo‘yicha rasmiy so‘rov oldi. Murojaatning ijtimoiy ahamiyati va qonunchilik normalarini hisobga olgan holda, obekt elektron savdo auksionidan chiqarildi. Obektdan keyingi foydalanish mahalliy manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi», deyiladi xabarda.

18 aprel kuni qasr uchinchi marta kimoshdi savdosiga qo‘yildi, ammo xaridor topilmadi. Mulkning boshlang‘ich bahosi 1,6 mlrd tenge edi. Ilgari uyni 1,8 milliard tengega sotishga ikki marta urinish bo‘lgan, biroq xaridorlar qiziqish bildirmagan.

Karim Masimov 2023 yil aprelida Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 175-moddasi 1-qismi (davlatga xiyonat) va yana ikkita modda bilan aybdor deb topilib, jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Uning mol-mulki musodara qilinib, davlat xizmatida lavozimlarni egallash huquqidan umrbod mahrum etildi.

1965 yilda tug‘ilgan general-leytenant Masimov 2016 yil 8 sentabrdan Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasini boshqarib kelgan. Mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos bo‘lgan Masimov 2007-2012 hamda 2014-2016 yillarda Qozog‘iston bosh vaziri, 2012-2014 yillarda Qozog‘iston prezident administratsiyasi rahbari bo‘lib ishlagan.

U 2022 yil 8 yanvar kuni Qozog‘istonda yuz bergan ommaviy tartibsizliklardan so‘ng qo‘lga olingandi. Shundan so‘ng, uning uyidan 17,2 million AQSh dollari miqdorida naqd pul, shuningdek, ko‘plab hashamatli buyumlar – qimmatbaho soatlar, tilla quymalar, noyob buyumlar va boshqa ko‘p narsalar olib qo‘yilgani haqida xabar berildi.

Mavzuga oid