Jahon | 22:31 / 30.04.2025
2974
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda Isroil foydasiga josuslik qilishda ayblangan shaxs qatl etildi

Ushbu fuqaro «Mossad» bilan 2020 yil kuzidan hamkorlik qilishni boshlagan, shundan keyin maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan.

Foto: X/@Maraalxx

Eron Oliy sudi hukmi bilan Isroilning «Mossad» razvedka xizmatiga ishlaganlikda gumonlangan Muhsin Langarneshin 30 aprel kuni ertalab qatl etildi, deb xabar beradi IRNA.

Langarneshin «Mossad» bilan 2020 yil kuzidan hamkorlik qilishni boshlagan», shundan keyin maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va o‘sha yilning dekabrida Isroil maxsus xizmatlari uchun birinchi vazifani bajargan.

Tergovning aniqlashicha, u ikki yil davomida Isroil razvedkasi xodimlari hamda agentlari bilan yaqindan hamorlik qilib kelgan va 2022 yil 22 mayda Islom inqilobi muhofizlari korpusi polkovnigi Hasan Sayyod Hodaiyning o‘ldirilishida ishtirok etgan. Langarneshin tergov tadbirlar davomida o‘z aybiga iqror bo‘lgani aytilmoqda.

Sud hokimiyati vakillarining ta’kidlashicha, Langarneshin o‘z kuratorlari topshirig‘iga binoan isroilliklarga anonim sim-kartalar, mobil telefonlar va boshqa aloqa vositalarini berib kelgan.

Amnesty International xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda dunyoning 15 ta davlatida 1518 kishi qatl etilgan. O‘lim jazosining katta qismi Eron (972), Iroq (63) va Saudiya Arabistonida (345) ijro etilgan. Qatl etilganlarning 1380 tasi ushbu davlatlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Mavzuga oid