Jahon | 21:40 / 30.04.2025
880
2 daqiqa o‘qiladi

Husnbuzarlarga qarshi birinchi vaksinaning klinik sinovlari boshlandi

Fransiyaning Sanofi farmatsevtika kompaniyasi mRNK-vaksinani 400 nafar ko‘ngilli o‘rtasida sinovdan o‘tkazmoqda.

Foto: Getty images

Sanofi farmatsevtika kompaniyasi husnbuzarlarga qarshi vaksinaning klinik sinovlari boshlanganini e’lon qildi. Tadqiqotda yuzdagi toshmalarning og‘ir shakli kuzatilgan katta yoshli insonlar ishtirok etmoqda, deb xabar beradi Live Science.

Qayd etilishicha, vaksina 18-45 yosh oralig‘idagi 400 nafar ko‘ngilli o‘rtasida sinovdan o‘tkaziladi. Ishtirokchilar uchtagacha inʼeksiya oladi, nazorat guruhiga esa platsebo yuboriladi. Ayni vaqtda sinov natijalari to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Sanofi rejasiga ko‘ra, sinovlar 2027 yilgacha davom etadi.

Mazkur dori vositasi mRNK-vaksina hisoblanadi. Kompaniyadagilarning ta’kidlashicha, vaksina husnbuzarlarni qo‘zg‘atish bilan bog‘liq ayrim oqsillarga qarshi immunitetni hosil qilishi kerak. Hozircha uning ta’sir mexanizmi tafsilotlari oshkor etilmayapti.

Nashrning yozishicha, vaksinalar yaratilib, klinikalarda paydo bo‘lgunga qadar odatda 10 yilga yaqin vaqt o‘tadi. Sinovlar ijobiy natija ko‘rsatgan taqdirda ham oldinda ko‘p bosqichli xavfsizlik va samaradorlik tekshiruvlari mavjud. Sanofi’dan tashqari, husnbuzarlarga qarshi vaksinalar ustida boshqa tadqiqot guruhlari ham ish olib bormoqda, ammo Fransiya kompaniyasi birinchi bo‘lib keng ko‘lamli klinik sinovlarga o‘tdi.

Mavzuga oid