Jahon | 20:08 / 01.05.2025
3696
3 daqiqa o‘qiladi

«Mutlaq xaos». Kamala Harris saylovdagi mag‘lubiyatidan keyingi ilk nutqida Trampni tanqid qildi

AQShning sobiq vitse-prezidenti va Donald Trampning 2024 yilgi saylovdagi raqibi mag‘lubiyatidan keyingi birinchi katta nutqida Donald Tramp va uning ma’muriyatini mamlakatga senzura va retsessiya bilan tahdid qiluvchi, o‘ylovsiz siyosati uchun tanqid qildi. Uning nutqi Tramp prezidentligining 100 kunligiga to‘g‘ri keldi.

Foto: Getty Images

Xususan, u Trampning bojlar bo‘yicha siyosati «Amerika prezidentligining zamonaviy tarixidagi eng yirik qo‘lda yaratilgan iqtisodiy inqiroz» ekanini ta’kidladi.

«Ba’zi odamlar so‘nggi oylarda sodir bo‘lgan voqealarni mutlaq xaos deb ta’riflamoqda. Va, albatta, buning sababini tushunaman. Bu, albatta, ushbu tariflar tufayli. Tariflar – men oldindan aytganimdek – retsessiyaga olib kelishi tayin», – dedi Harris.

U aholining kundalik xarajatlarini oshirishi, pensiya hisoblari va kichik biznesga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ushbu siyosatga ochiqchasiga qarshi chiqayotgan amerikaliklarni olqishladi.

Harrisning saylovdagi mag‘lubiyatidan keyingi birinchi chiqishi San-Fransiskoda ayollarga siyosiy karera qurish va saylovda qatnashishga yordam beradigan Emerge America tashkilotining tantanali tadbirida bo‘lib o‘tdi.

Kamala Harris Trampning iqtisodiy kun tartibi bilan cheklanmasdan, uning butun prezidentlik dasturini «[Tramp jamoasi] haqiqatni aytganlarni jazolaydigan, sadoqatlilarni rag‘batlantiradigan, hokimiyatdan foydalanib boylik orttiradigan va boshqalarni o‘z holiga tashlab qo‘yadigan Amerikaning tor, xudbinona ko‘rinishi» deb atadi.

U agar hukumatdagi o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimi barbod bo‘lsa, mamlakat konstitutsiyaviy inqirozga yuz tutishidan ogohlantirgan.

«Bu oxir-oqibat hammaga ta’sir qiladigan inqiroz, chunki bu bizning asosiy huquq va erkinliklarimizni himoya qiladigan, har birimizga hukumatimiz qanday ishlashi bo‘yicha ovoz berish huquqini kafolatlaydigan qoidalar endi ahamiyatga ega bo‘lmasligini anglatadi», – dedi sobiq vitse-prezident.

Demokratik ma’muriyat Oq uyni tark etganidan so‘ng, Kamala Harris omma qarshisida deyarli ko‘rinish bermayotgandi. O‘zining aytishicha, Trampning ikkinchi muddati boshlanganidan beri uning harakatlariga dadil qarshilik ko‘rsatayotgan amerikaliklar va mamlakatda qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlashda davom etayotgan sudyalar uni San-Fransiskoda nutqi qilishga ilhomlantirgan.

«Katta ehtimol bilan, vaziyat yaxshilanishni boshlashdan oldin yanada yomonlashadi. Ammo biz bunga tayyormiz», – degan Harris o‘z nutqi yakunida.

Mavzuga oid