O‘zbekiston | 15:14
934
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha O‘zbekistondan haydovchilarni ishga jalb qilish imkonini o‘rganmoqda

O‘zbekiston elchixonasida Polshaning Mobilis kompaniyasi boshqaruv raisi Lukash Tshaska bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: "Dunyo" AA

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ish bilan ta’minlash va yangi mehnat bozorlarini ochish masalalari ko‘rib chiqildi.

Polsha vakiliga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining faoliyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimizning qonuniy mehnat migratsiyasi yo‘nalishida Janubiy Koreya, Germaniya, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan yo‘lga qo‘ygan xalqaro tajribasi, yurtimizdagi kasbga tayyorlash bo‘yicha monomarkazlar faoliyati xususida aytib o‘tildi.

Lukash Tshaska O‘zbekistonning qonuniy migratsiya yo‘nalishidagi islohotlarini yuqori baholadi. Uning aytishicha, Polsha bozorida haydovchilarga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Shu sababli kompaniya mazkur bo‘sh o‘rinlarga O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilishga qiziqayotganini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Polsha Jamoat transportlari savdo-sanoat palatasi a’zolaridan iborat missiyaning O‘zbekistonga safarini amalga oshirish, tajriba loyihasi sifatida O‘zbekistondan 300 kishini avtobus haydovchisi lavozimiga jalb qilish, Mobilis kompaniyasining ofisini ochish va boshqalar xususida kelishib olindi.

Mavzuga oid