O‘zbekiston | 12:04 / 02.05.2025
11641
2 daqiqa o‘qiladi

Gullar bilan bezatilgan kichik dunyo – Toshkent «Gullar festivali»dan fotoreportaj

Alisher Navoiy kutubxonasi oldida tashkil qilingan an’anaviy «Gullar festivali»da 2,5 milliondan ortiq gul, butalar va dekorativ landshaftlardan foydalanildi. Festivalda gullar bilan bezatilgan «Mustaqillik monumenti», gigant kapalak va 18 metrli samolyot kabi ko‘plab kompozitsiyalar mehmonlarni o‘ziga jalb etmoqda. Kun.uz ushbu bahoriy tadbirdan fotoreportaj tayyorladi.

1–3 may kunlari Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan Alisher Navoiy kutubxonasi oldidagi maydonda «Gullar festivali» bo‘lib o‘tmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, festival doirasida hududni bezatish uchun 2,5 mlndan ortiq gul va butalar, shuningdek kesilgan gul va kustarniklardan iborat dekorativ landshaftlardan foydalanilgan.

Shuningdek, festival maydonida maxsus ravishda joylashtirilgan gul tunnellari, osma gullar va installyatsiyalar: 10 mingga yaqin daraxt va butalar, yozgi gulli kompozitsiyalar va foto-zonalar mavjud.

Maydonda shuningdek, gul bilan bezatilgan «Choynak va piyola» ko‘rinishidagi kompozitsiya, markazda esa «Mustaqillik monumenti» shaklidagi gullardan yasalgan kompozitsiyalar o‘rin olgan.

Festivalda gullar bilan bezatilgan dinozavrlar shaklidagi elementlar, gigant kapalak, rangbarang tovus, 2 ta arava, klassik kichik avtomobillar va 18 metrli samolyot mehmonlarni o‘ziga jalb etadi.

Festival dasturidan konsertlar, milliy o‘yinlar, folklor dasturlar va hunarmandlarning milliy mahsulotlari, non mahsulotlari ko‘rgazmasi ham o‘rin olgan.

Mehmonlar uchun maxsus «selfi» zonalar va gul kompozitsiyalarining orqasida fotosessiyalar uchun joylar tashkil etilgan.

Yunusobod tumani, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi maydonida tashkil qilingan Toshkent «Gullar festivali» 3 mayga qadar davom etadi. Kirish bepul.

 

Rasmlar muallifi Marvarida Isroil.

Mavzuga oid