Jahon | 16:44
11268
6 daqiqa o‘qiladi

«Damashqqa aniq signal». Isroil Suriya poytaxtiga zarba yo‘lladi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ushbu mamlakatdagi druzlarga nisbatan etnik tozalashlarga yo‘l qo‘ymasligi haqida ogohlantirgan.

Foto: Reuters

Isroil qiruvchi samolyotlari Damashqdagi prezidentlik saroyi atrofidagi hududlar bo‘ylab zarbalar berdi. Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, bu so‘nggi kunlarda Suriyada dinlararo shafqatsiz zo‘ravonliklar qurboni bo‘lgan, diniy ozchilikni tashkil etuvchi druzlarni himoya qilish maqsadida qilingan.

Suriya poytaxtiga zarbalar oqibatida qurbonlar haqida xabar berilmagan, ammo Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, zarba Isroil «Damashq janubida kuchlar joylashtirilishiga yoki druzlar jamoasiga qandaydir tahdidlarga yo‘l qo‘ymasligi» haqida «Suriya rejimiga aniq signal» bo‘lgan.

Suriya hukumati hozircha bu zarba yuzasidan munosabat bildirmadi.

Ammo chorshanba kuni Suriya poytaxti janubiga, qurollangan druzlar hamda mamlakat xavfsizlik kuchlari va ularga sodiq jangarilar o‘rtasidagi to‘qnashuv vaqtida Isroil tomonidan yo‘llangan zarbalarga rasmiy Damashq munosabat bildirgandi. Suriya rasmiylari bu zarbalarni mamlakat ichki ishlariga tashqi aralashuv deb atab, bunga toqat qilmasligidan ogohlantirgan.

Damashqdagilar 1 may kuni kechqurun Suriya hukumati druzlar yetakchilari bilaan kelishuvga erishgani haqida aytmoqda. Ammo Isroil etnik ozchilikni tashkil etuvchi druzlarga nisbatan zo‘ravonlik avj olganidan tashvishda, bir haftaning o‘zida ushbu jamoaning 100 dan ortiq vakili o‘ldirilgan.

Suriya druzlari diniy rahnamosi shayx Hikmat al-Hijriy zo‘ravonlikni o‘z jamoasiga qarshi «oqlab bo‘lmas genotsid kampaniyasi» sifatida qoralagan va «tinchlikni saqlash uchun xalqaro aralashuv»ga chaqirgan.

Suriya hukumati «to‘qnashuvlar keltirib chiqarishda ayblangan» «jinoiy guruhlar»ga qarshi kurashish uchun druzlar yashovchi hududlarga xavfsizlik kuchlari yuborilganini ma’lum qildi.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri Asad al-Shaybani «har qanday bahona yoki shior bilan tashqi aralashuvga har qanday da’vat faqat kelgusida vaziyat yanada yomonlashishiga va parchalanishga olib kelishi»dan ogohlantirgan.

Ammo Isroil bosh vaziri fevral oyidayoq mamlakatning yangi hukumati tomonidan «Suriya janubidagi druzlar jamoasiga har qanday tahdid»ga jim qarab turmasligidan ogohlantirgandi.

Nimalar bo‘ldi?

Isroil druzlari okkupatsiya qilingan Jo‘lan tepaliklaridagi Isroil va Suriya chegarasiga suriyalik qabiladoshlarini qo‘llab-quvvatlash uchun kelishdi.

Ofisi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlarini monitoring qilish markazi (SOHR) ma’lumotlariga ko‘ra, shu hafta Damashqning janubiy chekkasidagi Ashrafiyat Sahnaya shahrida, asosan Jaraman shahrining druzlar ko‘pchilikni tashkil etadigan chekkalarida, shuningdek, janubdagi asosan druzlar yashovchi As-Suvayda viloyatida kamida 102 kishi o‘ldirilgan.

Ulardan 70 ga yaqini druzlar, qolganlari druzlarning qurolli qarshiligi tufayli halok bo‘lgan xavfsizlik xizmati xodimlaridir.

Jaramanda dushanba kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda payg‘ambarni haqorat qilgan erkakning audioyozuvi tarqalganidan keyin zo‘ravonlik boshlangan.

Uni druzlar ruhoniysi deb hisoblashgan, uning o‘zi esa audioyozuvga aloqadorligini rad etmoqda.

Suriya ichki ishlar vazirligi ham dastlabki tergov ishlari u va klip o‘rtasida bog‘liqlik topmaganini ma’lum qildi.

Suriyaning o‘tish davri hukumati rahbari, muvaqqat prezident Ahmad al-Shar’a mamlakatda yashovchi ko‘p sonli diniy va etnik ozchiliklarni himoya qilishga va’da bergandi.

Ammo druzlar — zulmga uchrayotgan birinchi jamoa emas.

Avvalroq al-Shar’a uning maqsadi — butun mamlakat bo‘ylab hali ham faoliyat yuritayotgan tarqoq jihodchi guruhlarni Suriya milliy xavfsizlik kuchlariga qo‘shish ekani, bu esa Damashqqa mavjud zo‘ravonlik o‘choqlarini nazorat ostiga olishga yordam berishini aytgandi.

Yangi Suriyadagi etnik tozalashlar va Isroilning pozitsiyasi

Isroil shimolida druzlarning nisbatan katta jamoasi yashaydi. Bular ismoiliylarning shia yo‘nalishidagi tarmoqlaridan biri bo‘lgan druzizm diniga e’tiqod qiluvchi arablardir.

Isroil druzlari har doim Isroil davlatiga do‘stona munosabatda bo‘lishgan, ularning ko‘pchiligi hatto ixtiyoriy ravishda Isroil armiyasiga xizmat qilish uchun borishadi.

Dunyoda jami bir millionga yaqin druzlar mavjud bo‘lib, ularning taxminan yarmi Suriyada yashaydi, bu yerda ular aholining taxminan 3 foizini tashkil qiladi.

Livanda ham druzlar jamoasi mavjud.

Shu hafta suriyalik druzlar ta’qib qilinayotgani haqida xabarlar kela boshlagach, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ularni himoya qilishga va’da berdi.

Bu yangi Suriyada millatlararo va konfessiyalararo adovatning birinchi alanga olishi emas.

Joriy yilning mart oyida Suriya prezidenti Bashar Asad mansub bo‘lgan alaviylar ham ommaviy qirg‘in va talon-torojga uchragandi.

O‘shanda qirg‘in bir necha hafta davom etgandi. Mingdan ortiq alaviylar, ba’zan butun oilalari bilan o‘ldirilgan, minglab odamlar qo‘shni Livanga qochib ketishgandi.

Isroil «Al-Qoida»ning sobiq bo‘linmasi hisoblangan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi tomonidan tuzilgan Suriyaning yangi hukumati o‘z xavfsizligiga tahdid solishini bahona qilib, Suvayda va janubdagi yana ikki viloyatni to‘liq demilitarizatsiya qilishni talab etmoqda.

Asad rejimi ag‘darilganidan keyingi davrda Isroil aviatsiyasi harbiy obektlar va qurol-yarog‘ omborlarini yo‘q qilish maqsadida Suriyaga yuzlab zarbalar bergan.

Mavzuga oid