Jahon | 21:04 / 02.05.2025
9575
8 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘ haqida kutilmagan bayonot. Eron o‘z o‘qidan chiqib ketdimi?

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Ozarboyjonga tashrif buyurib, Ilhom Aliyev bilan muzokaralar o‘tkazdi hamda Qorabog‘ni Ozarboyjonning ajralmas qismi deb atadi. Doim ham iliq bo‘lmagan ikki davlat munosabatlarida burilish yuz berishi mumkin. Pizishkiyonning ilk xorijiy tashriflarini Markaziy Osiyo va Kavkazga yo‘naltirishi — Tehronning mintaqaviy kuch muvozanatidagi o‘rnini qayta belgilashga urinish bo‘lishi mumkin. Bokudagi uchrashuvda Eron rahbariyati Isroil va Armaniston masalasidagi an’anaviy ritorikasidan ham tiyildi. “Geosiyosat” dasturida mavzu yuzasidan ozarboyjonlik siyosatshunos Samir Humbatov va professor Farhod Karimov fikr bildirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Dastlab mavzuga sodda va umumiy nazar tashlasak, Pizishkiyon Bokuga nega bordi, tomonlar bir biriga nimalarni taklif qilishdi?

Farhod Karimov: Mas’ud Pizishkiyon Rossiyaga borganda ham aynan transport-logistika masalalarini muhokama qilgan edi.

Ozarboyjonga safar ham Eronning iqtisodiy zo‘riqishlarini yumshatish va shu maqsadda Boku bilan ma’lum darajada kelishuvlarga erishish edi.

Rasmiy Tehron uchun “Shimol janub transport yo‘lagi” juda muhim. Ozarboyjon bilan aynan ushbu masalani hal qilish kerak edi. Undan tashqari uzoq yillardan buyon arosatda qolayotgan “Resht-Astara temiryo‘l” chizig‘ini oxirigacha yetkazish masalasi bor, chunki bu temiryo‘lak bo‘g‘ini aynan Ozarboyjon hududidan o‘tadi.

Eron hozirgi kunda o‘zining geosiyosiy ambitsiyalarini chetga surib, asosiy iqtisodiy masalalarni hal qilishga kirishdi. Shunga ham oldingi hech qaysi bir Eron rahbarlari e’lon qilmagan gaplarini eshitdik. U ham bo‘lsa, Qorabog‘ masalasida doimiy ehtiyotkor bo‘lgan Eron prezidenti matbuotga bergan intervyusida Ozarboyjon Qorabog‘ning huquqiy egasi ekanini tan oldi va bu borada o‘z pozitsiyasini bildirdi.

Ozarboyjonga qilingan tashrif Eron uchun asosan iqtisodiy hamkorlik va iqtisodiy masalani hal qilishga qaratilgan ekan, Tehron Bokuga nima qildi degan savol ham bor. Birinchi navbatda muammoli bo‘lgan “Aras koridori” masalasini taklif qildi. Bilamizki, Ozarboyjon Nahichivonga chiqadigan yo‘lda o‘rtada bir qator Eron orqali o‘tadigan nuqtalar bor edi.

Bundan tashqari bu muzokaralarda meditsina, farmatsevtika va o‘sha Eronni qiynayotgan tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy aloqalar bilan bog‘liqligi bo‘lgan masalalarni Ozarboyjon orqali hal qilish va mintaqada geosiyosiy vaziyatning o‘zgarganini, mintaqada Turkiyaning ta’siri oshishi sabab Ozarboyjon orqali muloqot masalasini ham qo‘ydi. Asosiy maqsadi bugun geosiyosiy ambitsiyalar emas, faqatgina iqtisodiy hamkorlik sezildi.

Uchrashuv davomida Eron bilan Isroil munosabatlari yoki Armaniston masalasi alohida ko‘tarilmadi.

Ya’ni Eron bugun o‘zining iqtisodiy-ijtimoiy muammolari bilan ko‘proq shug‘ullanmoqchi, ayrim geosiyosiy ambitsiyalardan biroz chekinmoqchiga o‘xshaydi va bu, albatta, yaqin kelajakda mintaqadagi geosiyosiy vaziyatlarga ta’sir qiladi. Hattoki Eron-AQSh va Eron G‘arb-Yevropa davlatlaridagi munosabatlarga ham bunday yondashuv jiddiy ta’sir qiladi.

Samir Humbatov: Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyonning Ozarboyjonga tashrifi ikki davlat o‘rtasida uch yildan ortiq davom etayotgan sovuq munosabatlarning iliqlashishi uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Albatta, oxirgi uch yilga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Eronning Ozarboyjonga nisbatan siyosati do‘stona, xolis emasligini ko‘rishimiz mumkin. Bu holat ikki tomonlama munosabatlarda ham, mintaqaviy munosabatlarda ham ancha murakkab vaziyatlarni yuzaga keltirdi.

Mas’ud Pizishkiyonning o‘zi ham otasi tomondan Turkiyaga tashrif davomida berilgan bayonotlar va imzolangan hujjatlar Eron-Ozarboyjon munosabatlarida yaqin kelajakda yangi davr boshlanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Albatta, munosabatlarni normallashtirish oson jarayon emas. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, qariyb 2 yil avval Tehrondagi Ozarboyjon elchixonasiga terrorchilik hujumi uyushtirilgan va o‘shanda Ozarboyjon elchixonasi xodimi shahid bo‘lgan, shu fonda Eron Ozarboyjon bilan chegarada harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgan edi. Eron Ozarboyjonning Qorabog‘ hududidagi urushdan so‘ng ayrim separatist guruhlar bilan bog‘liq nizolar ham mavjud edi.

O‘ylaymanki, bularning barchasi bizning munosabatlarimizga soya soldi. Ammo endi Mas’ud Pizishkiyonning Ozarboyjonga safari va bayonotlari ikki tomonlama munosabatlarning qayta tiklanishi uchun sharoit yaratishi mumkin. Xabaringiz bor, Isroil-Ozarboyjon munosabatlari eng yuqori darajada, yaqinda Isroil bosh vaziri Netanyahu Ozarboyjonga tashrif buyuradi.

Ayni paytda Armaniston va Eron o‘rtasida yuqori darajadagi aloqalar mavjud va bunday munosabatlarga ega bo‘lish biz uchun yoqimli emas. Bu munosabatlarda Eronning Armanistonni qo‘llab-quvvatlashi va Armaniston chegarasining biz uchun qizil chiziq bo‘lishi kabi bayonotlari ham biz uchun nomaqbuldir. Chunki bir vaqtlar Ozarboyjon yerlari Armaniston tomonidan bosib olinganda Eron tomoni jim turdi va hech qanday ovoz chiqarmagandi. Shu bilan birga, Eron tomonidan amalga oshirilgan bosim natijasida Armaniston Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin Zangizor yo‘lagi borasida ma’lum qadamlar tashlashdan bosh tortdi. Bu esa Ozarboyjon va Eron o‘rtasiga sovuqchilik solganini ham aytish kerak. Endi o‘ylaymanki, bu vaqt barcha voqealarni o‘zgartiradi.

Pizishkiyon Raisiydan farqli ravishda safarni betalafot yakunladi, kezi kelganda bir to‘xtab o‘tsak. Eronning marhum prezidenti Ibrohim Raisiy va amaldagi rahbarning Ozarboyjonga safaridagi kelishuvlari o‘rtasida qanday farqlar sezildi?

Samir Humbatov: Mas’ud Pizishkiyonning otasi tomondan turkiy hisoblanadi, uning tashrif davomida berilgan bayonotlari va imzolangan hujjatlar Eron-Ozarboyjon munosabatlarida yaqin kelajakda yangi davr boshlanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Mas’ud Pizishkiyon konservativ emas, balki islohotchi, ya’ni biroz liberal yondashuvlar mavjud bo‘lgan shaxs sifatida namoyon bo‘lishi Eron-Ozarboyjon munosabatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Berilgan tushuntirishlar va uning shaxsiy yaqinlashuvi bu borada katta imkoniyatlarni ochib beradi va biz Mas’ud Pizishkiyonni Ibrohim Raisiydan farqli ravishda Ozarboyjon bilan aloqa o‘rnatishdan ko‘proq manfaatdor bo‘lgan va kelajakda qandaydir qadamlar tashlashi hamda Eronning Ozarboyjon bilan aloqalari manfaatlarini yanada oshirishi mumkin bo‘lgan shaxs sifatida belgilashimiz mumkin.

Pizishkiyon ekspeditsiyasi davomida Eron va Ozarboyjon o‘rtasida ba’zi iqtisodiy va logistika shartnomalari imzolandi. Bu kelishuvlarning aksariyati ham Eron, ham Ozarboyjonning kelajakdagi iqtisodiy va tashqi siyosiy manfaatlari uchun juda muhim. Bilamizki, Eron bugungi kunda sanksiyalar fonida iqtisodiy jihatdan juda og‘ir davrni boshdan kechirmoqda.

Eron Milliy bankining Ozarboyjondagi vakolatxonasi faoliyati qayta tiklanishi ikki tomonlama munosabatlarga katta hissa qo‘shadi. Menimcha, bu ham Pizishkiyonning shaxsiy yondashuvlari va bu ham Eronning o‘zgarayotgan tashqi siyosatidan darak beradi.

Shimol-Janub transport yo‘lagi – Moskva bilan imzolangan kelishuvlar fonida Ozarboyjon bu yo‘nalishda muhim tranzit halqaga aylanishi mumkin. Pizishkiyon aynan bu yo‘nalishda Bokuda ham konkret hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqayotgan ko‘rinadi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid