O‘zbekiston | 12:33 / 02.05.2025
8326
8 daqiqa o‘qiladi

«Bunda xorijiy turist u yoqda tursin, mahalliy sayyoh ham boshqa davlatga borishni afzal ko‘radi» - prezident chiptalar narxi haqida

Xorijda o‘zbek restoranlarini tashkil qilishda ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnoma va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismi qoplab berilishi ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.

“Xorazm – shonli tariximiz bilan yangi islohotlarimiz tutashgan chorraha, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Logistika zanjirlaridan uzoqda, tabiiy resurslari cheklangan bu diyorda o‘tgan yili “Kichik va o‘rta biznes yili” bo‘ldi, deyish uchun barcha asoslarimiz bor”,  - dedi davlat rahbari. 

2024 yili viloyatda 7 ming yangi tadbirkor ish boshladi, 47 ta korxona kichikdan o‘rtaga o‘tdi, 10 dan ortiq tadbirkorning aylanmasi 200 milliard so‘mdan oshdi. Bularning hisobiga viloyatda bir yil ichida 290 ming aholi ishli bo‘ldi.

Lekin, katta o‘zgarishlarga qaramasdan viloyatda kambag‘allik hali ham 12 foiz atrofida, 45 ming fuqaro ishsiz ekani, aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan atigi 1 ta korxona borligi qayd etildi.

Shu bois, viloyat rahbariyati, 13 ta tuman hokimi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, yangi ish o‘rinlari yaratishi, sanoat, servis, turizm, qishloq xo‘jaligi, eksport salohiyatini yanada oshirish, ijtimoiy soha va infratuzilmadagi muammolarni hal qilish uchun qat’iyat va mas’uliyat bilan harakat qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mamlakatimizda turizm eksporti salohiyati 10 milliard dollar bo‘lsa, shuning 2 milliard dollari aynan Xorazmga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi. Lekin bu to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. O‘tgan yili faqat 1,3 million xorijiy turist kelgan va eksport 400 million dollarga ham yetmagan.

Vaholanki, mas’ullarda Xorazmni mintaqadagi yetakchi turistik markazlardan biriga aylantirish uchun imkoniyatlar yetarli ekani qayd etildi.

Viloyatda jami 263 ta madaniy meros obekti mavjud. Bundan samarali foydalanib, turizm xizmatlarini tashkil etayotgan tadbirkorlar ko‘p. Lekin, Xiva shahri, Xiva va Yangiariq tumanlari hokimlari salohiyati yuqori 14 ta obektni tadbirkorlar bilan turistik maskanga aylantirish bo‘yicha ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, Xorazmdagi ko‘plab madaniy yodgorliklar hali o‘rganilmay turibdi. Hazoraspdagi “Sulaymon qal’a”, Bog‘otdagi “Qalajik qal’a” kabi tarixiy maskanlar, Yangiariqdagi “Xon bog‘i”, “Olma otishgan qal’a” tarixiy obektlari haqida ma’lumot kam.

Shu maqsadda tashkil etilgan O‘zbekiston tarixchilar jamiyatining Xorazm bo‘limi faoliyati davlat budjetidan ta’minlanishi belgilandi.

Mutasaddilarga chet eldan tajribali arxeologlarni jalb qilib, tarixiy obidalarni aniqlash va tiklash bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududidagi 8 ta qadimiy qal’alarni o‘zaro bog‘lovchi to‘rt kunlik “Qal’a tur” marshruti ishlab chiqiladi. Ushbu qal’alar atrofida master-reja asosida xizmat ko‘rsatish obektlari ishga tushiriladi.

Viloyatda gastronomik turizmni rivojlantirish uchun ham katta salohiyat borligi ta’kidlandi.

“Arda Xiva” majmuasiga viloyatlardan bittadan restorator olib kelish, Xiva shahrining Mevaston va Gazchi mahallalarida bir necha restoranlardan iborat 2 ta zamonaviy “fud-kort” tashkil qilish muhimligi qayd etildi.

Milliy taomlarimizni xorijda tanitayotgan restoratorlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Mutasaddilarga xorijda o‘zbek restoranlarini tashkil qilishda ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnoma va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplab berishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Xorazmda 40 dan ortiq hunarmandchilik yo‘nalishlari rivojlangan bo‘lib, sayyohlar mahsulot tayyorlash jarayoniga ham qiziqadi.

Shu munosabat bilan Mevaston mahallasida 6 gektar yerda Hunarmandchilik markazi tashkil etiladi.

Har yili hunarmand shogirdlarni tayyorlashga 1 milliard so‘m ajratib boriladi.

Viloyatda birorta xalqaro brendli mehmonxona yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xorazmda yangi qurilgan mehmonxonalarni subsidiyalash davom ettirilishi belgilandi. Buning hisobiga yil yakunigacha 2,5 ming o‘rinli 40 ta mehmonxonani ishga tushirish, shundan kamida 2 tasi brend mehmonxona bo‘lishi shartligi qayd etildi.

Sayyohlar issiq kunlarda viloyatda suzish havzalari yetishmasligini aytishadi. Shu bois mehmonxona va ko‘ngilochar maskanlar hududida basseyn qurish xarajatining bir qismi ham qoplab beriladi.

Xorazmda xitoy, arab, yapon, ispan tilini biladigan gid, ofitsiant, savdo va servis xodimlariga ham talab oshmoqda. Gid-ekskursavodlar asosan ingliz, rus va fransuz tillarida xizmat ko‘rsatadi. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, xodimlarning etikasi bo‘yicha ham savollar ko‘pligi qayd etildi.

Shuning uchun Xiva turizm texnikumida yiliga 100 nafar gid, yana shuncha servis xodimini kamida 5 ta talab yuqori tilga o‘qitish zarurligi ta’kidlandi.

Xorazmda turizmning jadal rivojlanishi uchun eng katta to‘siq, bu – transport ekani qayd etildi.

Urganchga Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya va Fransiyadan aviaqatnovlar qo‘yilgani natija berdi. Lekin, reys yo‘qligi uchun Germaniya, Xitoy, arab davlatlaridan minglab turist yo‘qotilyapti.

Mutasaddilarga Frankfurt, Urumchi, Pekin, Abu-Dabidan to‘g‘ridan to‘g‘ri reys qo‘yish taklifini kiritish, turistik mavsumda Istanbuldan kunlik qatnovni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Urganch aeroporti Koreyaning Inchxon aeroportiga xususiy sheriklikka berilmoqda. Ushbu aeroport milliy me’morchilik an’analariga mos holda rekonstruksiya qilinadi.

Mas’ullarga ishlar boshlanishini kutib o‘tirmasdan, Koreya aviakompaniyalarini jalb qilish, samolyot va aeroportdagi servis xodimlarini malaka oshirish uchun Koreyaga yuborishni boshlash, yangi o‘quv yilidan Xorazmdagi transport va servis texnikumlarida Koreya tajribasi asosida kadr tayyorlashni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Mahalliy reyslarning 95 foizi “Havo yo‘llari” va “Silk avia” aviakompaniyalariga to‘g‘ri keladi. Qolgan 14 ta reysni 4 ta mahalliy aviakompaniya amalga oshirayapti.

Sababi, ichki reyslar jozibador emasligi uchun xususiy kompaniyalar asosan xorijga qatnayapti. Ichki bozorda raqobat bo‘lmagani uchun, Toshkent-Urganch yo‘nalishida bir hafta oldin chipta qolmaydi, narxi qimmat. 

"Bu holatda xorijiy turist u yoqda tursin, mahalliy sayyohlar ham boshqa davlatga borishni afzal ko‘radi", - dedi prezident.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga xususiy kompaniyalarni jalb qilib, Toshkentdan Urganchga qatnovlarni 2 karra oshirish topshirildi.

Barcha rezident kompaniyalarga ichki reyslarni subsidiyalash bo‘yicha qaror ishlab chiqib, kiritish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, dam olish kunlari poyezdlar tarkibiga qo‘shimcha vagon ulab, yo‘lovchi tashishni 1,5 barobarga ko‘paytirish topshirildi.

Mavzuga oid