Jahon | 22:42 / 03.05.2025
2203
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda jismoniy shaxslar buyurtma qilgan xorijiy tovarlar uchun bojsiz rejim bekor qilindi

2 maydan boshlab, Xitoyning Shein, Temu va Aliexpress kabi marketpleyslari orqali tovar buyurtma qiladigan amerikaliklar uchun xarajatlar kamida 2 barobarga oshdi.

Foto: Charles Rex Arbogast / AP

Ko‘plab amerikaliklar prezident Tramp kiritgan keng qamrovli tariflarning jiddiy ta’sirini mana endi seza boshlaydi, deya xabar tarqatdi CNN.

2 maydan boshlab AQShda jismoniy shaxslarning o‘z ehtiyojlari uchun xorijdan tovar buyurtma qilib, uni bojsiz olib kirish imtiyozi bekor qilindi.

To‘xtatilgan “de minimis” (lotinchadan “ahamiyatsiz darajada kichik” ma’nosini beradi) instituti AQShga kirib kelayotgan, qiymati 800 dollardan kam bo‘lgan jo‘natmalarni bojsiz o‘tkazib yuborishni nazarda tutardi. Bu tartib mayda-chuyda yuklarga nisbatan boj hisoblash ortiqcha vaqt olishi va samarasiz bo‘lgani uchun 1938 yilda joriy etilgan va shundan beri amal qilib kelayotgandi.

Son-sanoqsiz amerikaliklar bu imtiyozdan foydalanib, Xitoyning juda past narxlarda tovar yetkazib beruvchi Shein, Temu va Aliexpress kabi saytlari orqali igna-ipdan tortib, mebellargacha, kiyim-kechakdan tortib, turli gadjetlargacha bo‘lgan ko‘plab tovarlarni xarid qilib kelayotgandi.

Endi esa bu tovarlar ham, xuddi tijoriy maqsaddagi tovarlar qatori, Xitoy mahsulotlari uchun o‘rnatilgan 145 foizgacha bo‘lgan tariflarda bojga tortiladi.

UPS, FedEx, DHL va AQSh pochta xizmati bu o‘zgarishlarga tayyorligini bildirgan. AQSh bojxona idorasi ham texnik jihatdan tayyorgarlik ko‘rib qo‘yganini ma’lum qildi. Lekin oddiy amerikalik xaridorlar bu qimmatlashishga tayyormi – bu alohida masala, deb yozadi CNN.

BBC xabariga ko‘ra, Temu kompaniyasi platforma orqali buyurtma qilingan tovarlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri amerikalik xaridorlarga sotishni to‘xtatishini bildirgan. Bu – “de minimis” tartibining bekor qilingani bilan bog‘liq bo‘lib, marketpleysda sotilayotgan tovarlar endi amerikalik buyurtmachilarga mahalliy savdogarlar orqali yetkazib beriladi. Xitoy kompaniyasi buning uchun AQSh firmalarini hamkorlikka chorlagan.

AQSh federal hukumati – nafaqat joriy prezident Donald Tramp, balki Oq uyning sobiq rahbari Jo Bayden ham “de minimis” tartibini qoralab kelgan. Ularga ko‘ra, bu imtiyoz AQSh ishlab chiqaruvchilarining zarari ko‘rishiga va xorijdan tovarlarning katta miqdorda, lekin kichik-kichik partiyalarda olib kirilishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, hukumat bojxonadagi bu yengillik orqali noqonuniy tovarlar, xususan giyohvand moddalar ham kirib kelayotganini da’vo qiladi.

“Amerika harakati forumi” tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilgi buyurtmalar hajmidan kelib chiqilsa, bojsiz tartibning bekor qilinishi amerikalik iste’molchilarning umumiy yillik xarajatlarini 8 mlrd dollardan 30 mlrd dollargacha oshiradi.

Mavzuga oid