Jahon | 12:13 / 03.05.2025
6825
2 daqiqa o‘qiladi

WP: Zelenskiy va Trampning kelishuvi Rossiya elitasini cho‘chitib yubordi

Moskva Tramp va Zelenskiy Rossiyaga qarshi yaqinlashib qolishidan xavotirda. Kreml AQShda Ukraina bo‘yicha foydali bitim tuzish imkoniyatini qo‘ldan boy berishi mumkin, deya xavotirlanmoqda elita.

Foto: Mystyslav Chernov/AP/picture alliance

Ikki oylik keskin muzokaralardan so‘ng AQSh va Ukraina o‘rtasidagi tabiiy resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv Moskvani asabiylashtirdi, Rossiya elitasi a’zolari Volodimir Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasidagi yaqinlashuvdan qo‘rqyapti hamda Kreml Ukraina bo‘yicha foydali kelishuvga erishish imkoniyatini qo‘ldan boy berishi mumkin, deb hisoblaydi, deb yozadi The Washington Post (WP) 2 may, juma kuni manbalarga tayanib.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hech bo‘lmaganda yon berishga tayyor bo‘lib ko‘rinishi uchun bosim kuchaymoqda, dedi rossiyalik amaldor o‘z shaxsini oshkor qilmaslik sharti bilan nashrga. Uning so‘zlariga ko‘ra, aks holda Rossiya senator Lindsi Grem tomonidan tayyorlangan Amerika sanksiyalarining yangi paketiga duch keladi. Ular jiddiy zarba bo‘ladi, chunki budjet taqchilligi o‘sib bormoqda, deb hisoblaydi WP manbasi.

Rasmiyning ta’kidlashicha, Rossiya sanksiyalarni muvaffaqiyatli yengib chiqdi, deb da’vo qilayotgan amaldorlarning jasoratiga qaramay, iqtisodiyotning ahvoli bilan bog‘liq xavotirlar tobora muhim rol o‘ynamoqda. "Iqtisodiyotni faqat safarbarlik modeli asosida qurish mumkin emas", dedi u.

Rossiyada iqtisodiy o‘sish sur’ati allaqachon keskin sekinlashdi: joriy yilning birinchi choragida YaIM o‘tgan chorakdagi 4,5 foiz va o‘tgan yilgi umumiy 4,1 foizdan keyin atigi 1,7 foizga oshdi. Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining rekord foiz stavkasiga qaramay, inflatsiya darajasi 10 foizdan yuqori bo‘lib qolmoqda, harbiy-sanoat kompleksiga kirmaydigan tarmoqlar tanazzulga yuz tutdi, neft narxining pasayishi budjetning xomashyo daromadlarini deyarli 20 foizga kamaytirdi. Endi Moliya vazirligi defitsit pandemiyadan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lishini bashorat qilmoqda — rejalashtirilgan 1,2 trillion o‘rniga 3,8 trillion rubl.

Mavzuga oid