O‘zbekiston | 19:04 / 07.05.2025
5105
2 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

E’zoza Karimova maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari - Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.

Tayinlovga qadar E’zoza Karimov Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasida ishlab kelayotgan edi.

E’zoza Karimova 2021-2021 yillarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bo‘limi boshlig‘i, 2021-2023 yillarda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2023-2024 yillarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Yangi O‘zbekiston universitetining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori vazifasida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni maktab ta’limi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishgandi. Taqdimot doirasida Toshkent davlat pedagogika universitetini transformatsiya qilib, O‘zbekiston milliy pedagogika universitetini tashkil etish, kelajak pedagoglari loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan edi. Universitet barcha hududlardagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygoh bo‘ladi.

Mavzuga oid