Jahon | 20:35 / 07.05.2025
4930
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvaga kelayotgan Serbiya prezidenti dronlar tufayli Bokuga qo‘nishga majbur bo‘ldi

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish uchun yo‘l oldi. Ammo uning marshruti kutilganidek kechmadi: davlat rahbari samolyoti avvaliga Belgraddan Bokuga uchdi, u yerda ma’lum vaqt ushlanib qoldi, shundan keyingina Rossiya poytaxtiga uchib ketdi.

Foto: Getty Images

ADS-B Exchange xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, YUSRB belgisiga ega Embraer Belgraddan Grinvich bo‘yicha ertalab soat 8:31 da parvoz qilgan va soat 11:36 da Boku aeroportiga qo‘ngan.

Serbiyadagi nashrlar, jumladan, Tanjug agentligi Bokuda to‘xtashni «majburiy qo‘nish» deb atagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot «harbiy harakatlar» tufayli parvozni davom ettirishga ruxsat ololmagan — so‘nggi kunlarda Moskva aeroportlari dronlar hujumi tufayli uzilishlar bilan ishlamoqda.

Xuddi shu vaqtda, TASSning ismi oshkor etilmagan manbasi Bokuga qo‘nish oldindan rejada bo‘lganini aytgan. «Bu samolyotga yonilg‘i quyish uchun kerak edi», - deya suhbatdoshining so‘zlarini keltiradi davlat agentligi.

Nima bo‘lganda ham, Serbiya prezidentining borti Bokuda bir soatdan sal ko‘proq vaqt davomida qolib ketgan va faqat soat 12:43 da Moskvaga parvozni davom ettirgan.

Oradan uch soatcha vaqt o‘tib Vuchich o‘tirgan samolyot Moskvaga qo‘ngan, uning Moskvaga yetib kelgani aks etgan kadrlar «Rossiya-24» telekanalida namoyish etilgan.

Odatda AirSerbia aviakompaniyasining Belgraddan Moskvaga uchuvchi reyslari Vengriya, Slovakiya, Polsha, Litva va Latviya ustidan o‘tadi. Ammo Vuchichning safari oldidan Litva va Latviya serblar prezidenti samolyoti o‘z havo kengligidan foydalanishiga ruxsat bermadi, shu tufayli u nostandart marshrut tanlashiga to‘g‘ri keldi.

Vuchich — Yevropaning 9 may munosabati bilan Moskvaga kelayotgan kam sonli davlat rahbarlaridan biri.

Serbiya 2012 yildan buyon Yevroittifoq a’zoligiga nomzod maqomiga ega va blokdagilar Vuchichning Rossiyaga tashrifi mamlakatning ittifoqqa qo‘shilish imkoniyatini yopishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Biroq, BBC Serbiya xizmati ta’kidlashicha, Belgradga nisbatan bunday tahdidlar Bryusseldan birinchi marta yangrayotgani yo‘q va hozircha hech qanday sezilarli oqibatlarga olib kelmadi.

3 may, shanba kuni Vuchich salomatligi tufayli AQShga tashrifini to‘satdan to‘xtatgandi. Kardiolog Dragan Dinchich o‘sha kuni kechqurun Serbiya prezidentidan yaqin kunlarda muntazam faoliyatni qayta tiklashni kutish to‘g‘ri bo‘lmasligini aytdi.

Biroq Vuchich Moskvaga safarini bekor qilmadi.

Mavzuga oid