O‘zbekiston | 17:31 / 07.05.2025
3669
2 daqiqa o‘qiladi

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligiga direktor tayinlandi

Adham Xudoyqulov yaqinda tashkil qilingan prezident huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori etib tayinlandi. U bungacha Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi direktori edi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Adham Yusupovich Xudoyqulov prezident huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Adham Xudoyqulov bunga qadar Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi loyiha ofisi direktori edi.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi prezidentning 5 may kuni qabul qilgan farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi sifatida ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini tashqi baholash mexanizmlarini belgilash hamda ko‘rsatilayotgan ta’lim xizmatlari sifatini oshirish ko‘rsatilgan.

Tashkilot, shuningdek, ta’lim muassasalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, kamchilikka yo‘l qo‘ygan oliygohlarga taqdimnomalar kiritish, sifatni taqqoslash uchun milliy reyting tuzish bilan shug‘ullanadi.

Xavfni tahlil qilish jarayonida kamchiliklar aniqlanganda agentlik ta’lim tashkilotiga bu haqda taqdimnoma kiritadi hamda kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat belgilaydi. Ularni bartaraf etish ta’lim tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.

Mavzuga oid