Jahon | 22:32 / 08.05.2025
6274
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik kardinal yangi Rim papasi etib saylandi

Amerikalik kardinal Robert Prevo - yangi Rim papasi. U o‘ziga Lev XIV ismini tanladi. Robert Prevo tarixdagi birinchi amerikalik pontifikka aylandi.

Foto: AP

Amerikalik Robert Prevo yangi Rim papasi etib saylandi, deb xabar beradi CNN.

Rim-katolik cherkoviga rahbar saylash uchun Vatikanda konklavga to‘plangan kardinallar yangi Rim papasi kim bo‘lishiga kelishib oldi. Robert Prevo tarixdagi birinchi amerikalik pontifikka aylandi. U o‘ziga Lev XIV ismini tanladi.

Kardinal Robert Frensis Prevo 69 yoshda. U asosan Janubiy Amerika davlatlarida faoliyat yuritgan va yaqinda yepiskoplarni tayinlash bo‘yicha Vatikandagi ofisga rahbar etib tayinlangan edi. Prevo o‘n yil davomida Peruda ishlagan, keyin esa Chikklayo shahri yepiskopi etib tayinlangan. U Fransisk amalga oshirgan ishlarni davom ettirishi kutilmoqda.

Foto: Gregorio Borgia/AP

Rim papasi Fransisk 21 aprel kuni 88 yoshida vafot etgandi. U 2013 yil mart oyida saylanib, sog‘lig‘idagi muammolar tufayli papalikdan ketgan Benedikt XVI ning o‘rnini egallagan.

Konklav davomida yangi Rim papasini saylash bir necha soatdan bir necha kun, hafta va hatto oygacha davom etishi mumkin. Katoliklar tarixida eng uzoq davom etgan konklav XIII asrda o‘tkazilgan — kardinallarga papa Kliment IV ning vorisini saylashga 1006 kun talab etilgan. Eng qisqa konklav esa bir necha soat davom etgan — bu 1503 yilda Yuliy II ning saylovi edi.

Mavzuga oid