Jizzax viloyatida paleolit va neolit davrlariga oid yangi arxeologik maskanlar aniqlandi
Nurota tog‘ tizmasida yangi arxeologik maskanlar aniqlandi. Topilgan manzillar dehqonchilik va chorvachilikka o‘tish davriga oid muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Foto: Madaniy meros agentligi
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani hududida joylashgan Nurota tog‘ tizmasidan paleolit va neolit davrlariga oid yangi arxeologik maskanlar aniqlandi, deb xabar beradi Madaniy meros agentligi.
Qayd etilishicha, 28 apreldan 6 mayga qadar Madaniy meros agentligi hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti Tosh davri bo‘limi xodimlari tomonidan Nurota tog‘ tizmasining shimoli-g‘arbiy qismida dala tadqiqot-qidiruv ishlari olib borilgan.
Tadqiqotlar jarayonida tarixiy ahamiyatga ega qator arxeologik manzillar aniqlanishiga erishilgan. Xususan, O‘gat qishlog‘ining g‘arbiy qismida so‘nggi paleolit davriga oid ibtidoiy kishilarning yashash makoni qayd etilgan. Izlanishlarning dastlabki tahlillari bu hududda ming yillar avval insonlar doimiy yoki mavsumiy istiqomat qilganini ko‘rsatmoqda.
Qoropchi qishlog‘ining shimoliy etaklarida esa neolit davriga mansub ikkita yangi makon aniqlangan. Topilgan manzillar insoniyatning dehqonchilik va chorvachilikka o‘tish davriga oid muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Yonboshtut qishlog‘i shimolida joylashgan «Beshbuloq» nomli makon ham neolit davriga tegishli bo‘lib, bu yerda qadimgi jamiyatlarning ijtimoiy va madaniy hayotiga doir izlar topilgan.
«Mazkur arxeologik topilmalar O‘zbekiston hududida eng ibtidoiy odamlarning yashash tarixini o‘rganishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Tadqiqotlar hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda. Kelgusida topilmalarning ilmiy tahlillari asosida kataloglar, maqolalar va ko‘rgazmalar tayyorlanishi rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.
Mavzuga oid

18:38 / 28.04.2025
Nomoddiy madaniy meros namunalarini ro‘yxatga kiritish bilan bog‘liq reglament tasdiqlandi

12:08 / 24.03.2025
Nurotada bog‘cha bolalariga yaroqsiz go‘sht berilayotgani aniqlandi

08:46 / 10.03.2025
Toshkentda madaniy meros obekti yonida noqonuniy qurilish to‘xtatildi

19:23 / 23.12.2024