O‘zbekiston | 21:25 / 08.05.2025
6386
3 daqiqa o‘qiladi

Suv bosgan uylar va yo‘llar – Andijondagi toshqindan fotoreportaj

Buloqboshi tumanidan o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘og‘i o‘pirilib, ko‘plab aholi xonadonlari suvda qoldi. Dastlab «GES qurish maqsadida ortiqcha suv tashlangani» aytilgan bo‘lsa, keyinroq kanalga «loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyatidan ko‘p suv kelgani» sabab sifatida keltirildi. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, zarar ko‘rgan hududlar, aholi xonadonlaridan fotoreportaj tayyorladi.

Foto: Kun.uz

8 may kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumani Sarvontepa mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘og‘i darz ketib, shikast yetdi. Oqibatda kanal suvi toshib, atrofdagi ko‘chalar va aholi xonadonini suv bosdi.

Toshqin haqida ma’lumot olinishi bilan viloyat Norin-Qoradaryo Irrigatsiya tizimlari boshqarmasi tomonidan suv butkul to‘xtatilgan.

Ayni vaqtda viloyat hokimi boshchiligidagi mutasaddi tashkilotlar ishtirokida ishchi guruh tashkil qilinib, holat bartaraf etilmoqda. Ma’lum qilinishicha, barcha kuch va vositalar jalb qilinib, jarayon nazoratga olingan.

«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, xavfli gidrologik hodisaning kelib chiqishiga Janubiy Farg‘ona kanaliga GES qurilishi sababli ortiqcha suv tashlangani sabab bo‘lgan.

Shuningdek, «O‘zgidromet» Buloqboshi tumanida sodir bo‘lgan suv toshqini oqibatida hududdagi 560 ta xonadonni suv bosganini ma’lum qildi. FVV esa hodisa oqibatida 30 ta xonadonning ichiga, 70 ta xonadonning esa tomorqasiga suv kirganini bildirdi.

Shuningdek, Kun.uz manbalari tumanning kanalga tutash hududlarida yashovchi aholi qisman evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan.

Keyinroq, «O‘zbekgidroenergo» ham rasmiy munosabat berib, texnogen holatga «GES qurish maqsadida kanalga ortiqcha suv tashlangani» emas, kanalga «loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyatidan ko‘p suv kelgani» sabab bo‘lganini bayon qildi.

«O‘zbekgidroenergo»ga ko‘ra, holat 9 may kuni soat 14:00 ga qadar to‘liq bartaraf etiladi, Janubiy Farg‘ona kanalining odatiy ish rejimi tiklanadi, aholiga yetkazilgan zarar qoplab beriladi.

Ma’lum qilinishicha, hukumat qaroriga ko‘ra, Rossiyaning «MPR» moliya instituti mablag‘lari hisobiga Janubiy Farg‘ona kanalida «JFK-3 kichik GES qurilishi» loyihasi amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari «tayyor holda topshirish» sharti asosida Rossiyaning «Energosila» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Andijon viloyat hokimligi ham talofat ko‘rgan xonadonlar birma-bir xatlovdan o‘tkazilib, kelib chiqqan zararlar aniqlanayotgani hamda zarar ko‘rgan hududlar, yo‘llar, xonadonlar qisqa muddatda ta’mirlanishini bildirdi.

Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, zarar ko‘rgan hududlar, aholi xonadonlaridan fotoreportaj tayyorladi.

Mavzuga oid