Fan-texnika | 22:31 / 09.05.2025
6325
2 daqiqa o‘qiladi

Astronomlar yulduzlarni parchalovchi «daydi» qora tuynukni kashf etdi

Mazkur «daydi» qora tuynuk yonida yanada kattaroq obekt - Quyoshdan 100 million barobar og‘ir faol galaktika yadrosi joylashgan.

Foto: NASA

Berklidagi Kaliforniya universiteti astronomlari noyob kosmik hodisa — galaktika markazidan uzoqdagi yulduzlarni «yutib yuboradigan» supermassiv qora tuynukni kashf etdi.

AT2024tvd deb nomlangan hodisa Hubble, Chandra va VLA teleskoplari tomonidan qayd etilgan bo‘lib, «siljigan» to‘lqinli buzilish (TDE) holatiga birinchi tasdiq hisoblanadi. Unda Quyoshdan million barobar katta qora tuynuk galaktikaning markazida emas, balki undan 2600 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan.

Odatda, ulkan qora tuynuklar galaktikalar markazida bo‘ladi, ammo bu — istisno. U yulduzni parchalab, 100 baravar yorqinroq chaqnash hosil qilgunga qadar zulmat qarida yashirinib kelayotgan edi. Kuzatuvlar vodorod, geliy va boshqa elementlar nurlanishining keng chiziqlarini ko‘rsatgan — bu TDE holatlariga xos manzara.

Mazkur «daydi» qora tuynuk yonida yanada kattaroq obekt — Quyoshdan 100 million barobar og‘ir faol galaktika yadrosi joylashgan. Olimlar ikki xil ssenariyni ko‘rib chiqmoqda.

Birinchisi — qora tuynuk boshqa obektlar bilan tortishish ta’sirida galaktika markazidan chiqarib yuborilgan. Ikkinchi variant — ushbu qora tuynuk qadimda yutib yuborilgan kichikroq galaktikaning qoldig‘i bo‘lishi mumkin.

Bu kashfiyot «daydi» ulkan qora tuynuklar populyatsiyasi mavjudligini ilk bor tasdiqladi. Endi astronomlar yangi sirlarni ochish umidida bunday «siljigan» TDE’larni izlashni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid