Jahon | 14:36 / 09.05.2025
5004
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga MDH davlatlari orasida eng kam mukofot puli to‘laydi

Foto: Deutsche Welle

Rossiya hukumati Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga to‘lovlar miqdorini belgiladi. Bu sobiq SSSRning deyarli barcha boshqa mamlakatlariga qaraganda past. Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston faxriylarga eng ko‘p mukofot puli to‘laydi.

80 ming rubl — bu Rossiya Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 9 mayga qadar to‘lagan summa. Bu Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan 10-11 baravar kam, deya hisoblab chiqdi The Moscow Times (MT) 8 may, payshanba kuni chop etilgan maqolada. Rossiya mintaqalari ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 10 mingdan 2 million rublgacha miqdorda bir martalik to‘lovlar belgilagan. To‘lovlar viloyat budjetlari hisobidan amalga oshiriladi. Nashr mualliflariga ko‘ra, hududlar barcha faxriylar uchun 641,5 million rubl sarflaydi.

MT ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 7000 ga yaqin Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qiladi, ammo Rossiya hukumatidan 80 000 rubl miqdoridagi bir martalik to‘lovlarni Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Abxaziya, Janubiy Osetiya va Dnestrbo‘yi tan olinmagan «respublikalar» urush faxriylari ham oladi.

Saxa Respublikasidagi faxriylar maksimal miqdorni oladi — har biri 2 million rubldan, bu yerda faqat 9 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi qolgan. Bryansk, Kaluga va Samara viloyatlari faxriylariga bir milliondan to‘lanadi. Eng kam miqdor Oltoy o‘lkasida to‘lanadi — kishi boshiga 5 ming rubldan. Omsk viloyatida faxriylarga adyollar, Vologdada — adyol va yostiqlar sovg‘a qilinadi. Moskvaliklarga kolbasa, baliq konservalari va shirinliklar ham beriladi, deb xabar qilmoqda «Verstka» nashri.

Mavzuga oid