O‘zbekiston | 12:15
5393
5 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi go‘sht narxining oshishiga sabab bo‘lgan omillarni ma’lum qildi

Oxirgi yetti oy ichida shrot narxi 2,3 barobarga, sheluxa 43 foizga, omuxta yem 28 foizga, bug‘doy 59 foizga, makkajo‘xori silosi qariyb 2 barobarga, somon 67 foizga, beda esa 80 foizga qimmatlashgan. Vazirlikka ko‘ra, O‘zbekistondagi arzonlashtirilgan rastalarida 1 kg mol va qo‘y go‘shti o‘rtacha 65–75 ming so‘mdan, savdo rastalarida 90–95 ming so‘mdan, savdo markazlarida 95–100 ming so‘mdan sotilyapti.

Foto: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda go‘sht narxining oshib ketgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, quyidagi omillar narxlarga qimmatlashishiga sabab bo‘lgan.

Birinchidan, dunyoda go‘sht ishlab chiqarish hajmi sekinlashyapti.

Ikkinchidan, yirik import qiluvchi davlatlarda talab yuqori. Bundan tashqari, ozuqa xomashyosi va transport xarajatlarining ortishi ham narxlarga ta’sir ko‘rsatgan.

«Masalan, Rossiyada tovuq go‘shti narxi yil boshidan buyon 9,7 foizga, Qozog‘istonda esa 4,7 foizga oshgan. Umuman olganda, O‘zbekistonda go‘sht narxi mintaqaviy tendensiyalar doirasida saqlanmoqda va global bozor tebranishlariga nisbatan barqarorlikni namoyon qilmoqda», deyiladi bayonotda.

Vazirlik bozorlarning arzonlashtirilgan rastalarida 1 kg mol va qo‘y go‘shti o‘rtacha 65–75 ming so‘mdan, savdo rastalarida 90–95 ming so‘mdan, savdo markazlarida 95–100 ming so‘mdan sotilayotganini qayd etgan.

Toshkent shahridagi arzonlashtirilgan rastalarda 65−75 ming so‘mlik go‘shtni xaridorlarning 15−18 foizi, 90−95 ming so‘mlik «ro‘zg‘orbop go‘sht»ni 82−85 foizi, 110−130 ming so‘mlik suyaksiz (lahm) go‘shtni esa atigi 1−2 foizi sotib oladi.

«Toshkent shahridagi arzonlashtirilgan rastalarda 65–75 ming so‘mlik go‘shtni xaridorlarning 15–18 foizini, 90–95 ming so‘mlik ro‘zg‘orbop go‘sht esa 82–85 foizini, 110–130 ming so‘mlik suyaksiz (lahm) go‘sht atigi 1–2 foizini tashkil etadi», deyiladi bayonotda.

Shuningdek, vazirlik O‘zbekistondagi narxlarni ayrim davlatlar bilan ham taqqoslagan.

«Rossiyada 1 kg mol go‘shti 10-12, Belarusda 6-8, Qozog‘istonda 7-11, Tojikistonda 8-10, Gruziyada 9,5-12, Ozarboyjonda 9,5-12,5, Turkiyada 12-14 dollar, shuningdek, iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar Shvetsiyada 46,2, Islandiyada 38,86, Janubiy Koreyada esa 28 dollar atrofida sotilyapti. Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston dunyoning go‘sht eng arzon sotiladigan davlatlari qatorida bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg‘izistondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi», deya qayd etiladi rasmiy munosabatda.

Shuningdek, 2025 yilning I choragida go‘sht narxiga ta’sir qiluvchi yem—ozuqa, elektr energiyasi va yoqilg‘i–moylash materiallarining ham qimmatlashgani keltirib o‘tilgan.

«Chorvachilikda go‘sht yetishtirish uchun kuchli ozuqaga bo‘lgan talab yuqoriligi, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi tufayli chorva mollarining ozuqa bilan ta’minlanish darajasining 35-40 foizini tashkil etmoqda. 2024 yil oktabr oyidagi narxlar bilan solishtirilganda, bugungi kunda shrot narxi 3 ming so‘mdan 7 ming so‘mga, sheluxa 2 800 so‘mdan 4 ming so‘mga, omuxta yem 2 900 so‘mdan 3 700 so‘mga, bug‘doy 2 200 ming so‘mdan 3 500 ming so‘mga, makkajo‘xori silosi 500 so‘mdan 900-1 000 so‘mga, somon 15 ming so‘mdan 25 ming so‘mga, beda esa 25 ming so‘mdan 45 ming so‘mga oshgan. Ozuqa xarajatlari, mehnatga haq to‘lash va elektr energiyasi xarajatlarining oshishi ham go‘sht tannarxiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlash zarur», deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi izohida.

2024 yilda O‘zbekistonda umumiy 2,9 mln tonna tirik vaznda (1,7 mln tonna so‘yilgan vaznda) go‘sht ishlab chiqarilgan. Jami 93 ming tonna go‘sht import qilingan. Ishlab chiqarilgan go‘shtga nisbatan import salmog‘i 5,4 foizni tashkil etgan.

Import qilingan go‘shtning 70 foizi qayta ishlash korxonalariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, qolgan qismi Toshkent shahri dehqon bozorlaridagi arzonlashtirilgan rastalarda sotilgan.

Mavzuga oid