Kolumbiya Panama sobiq prezidentiga boshpana taqdim etdi
Panama sobiq prezidenti Rikardo Martinelli 2024 yil fevraldan beri Nikaragua elchixonasida yashirinib kelayotgan edi. Kolumbiya hukumati unga siyosiy boshpana berishga qaror qildi.

Foto: Martinez/Reuters/File
Kolumbiya hukumati bir yildan oshiq vaqtdan beri Nikaragua elchixonasida yashirinib kelayotgan Panama sobiq prezidenti Rikardo Martinelliga boshpana taqdim etdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
«Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Urrego Panama sobiq prezidenti Rikardo Alberto Martinelli Berrokalga siyosiy boshpana taqdim etdi va ushbu qaror tegishli tartibda qo‘shni mamlakat hukumatiga yetkazildi», — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu qaror insonni himoya qilish tamoyiliga va Kolumbiyaning siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qibga uchragan shaxslarga yordam ko‘rsatish an’analariga asoslangan.
Rikardo Martinelli 2009-2014 yillar davomida Panama prezidenti bo‘lgan. U 2024 yil 7 fevraldan beri Nikaraguaning Panamadagi elchixonasida yashirinib kelayotgan edi. Bunga sud sobiq prezidentga nisbatan New Business deb nomlangan sxema doirasida Grupo Editorial Epasa media konglomeratini xarid qilish uchun davlat mablag‘larini noto‘g‘ri sarflaganlik aybi bilan yakuniy hukm chiqargani sabab bo‘lgan.
Martinelliga 128 oy qamoq jazosi tayinlangan, shuningdek, 19,2 million dollar miqdorida jarima to‘lashi belgilangan. Sud bundan tashqari, uning prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini ham taqiqlagan — Martinelli «Maqsadlar sari» partiyasidan davlat rahbarligiga nomzod edi. Saylovoldi poygasida uning o‘rnini Xose Raul Mulino egalladi va natijada g‘alaba qozonib, Panama prezidentiga aylandi.
Mavzuga oid

08:35 / 11.04.2025
Panama AQSh qo‘shinlariga Panama kanali yaqinida joylashishiga ruxsat berdi

19:56 / 08.04.2025
Panama mamlakat portlarini hongkongliklar boshqaruviga topshirgan amaldorlarni sudga beradi

20:47 / 27.03.2025
Panama Rossiya va Eron «maxfiy floti»ga aloqador 128 ta kemadan ruxsatnomani qaytarib oladi

13:18 / 17.03.2025