Zelenskiy Putinning to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish taklifiga javob qaytardi
Agar Rossiya 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lsa, Ukraina uchrashuvlarga tayyor. Zelenskiy buni urushni to‘xtatish uchun «birinchi qadam» deb atadi.

Foto: EPA
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Rossiya bilan tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarni boshlash sharti sifatida o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini ta’kidlayotgani haqida gapirdi. Bu uning Vladimir Putinning G‘arb davlatlarining dushanbadan 30 kunlik sulh tuzish haqidagi talablarini rad etgan, ammo kelasi hafta Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya-Ukraina muzokaralarini o‘tkazishni taklif qilgan tungi bayonotiga birinchi reaksiyasi bo‘ldi.
«Rossiyaliklar nihoyat urushni tugatish haqida o‘ylayotgani yaxshi alomat. Dunyo buni anchadan beri kutayotgan edi. Va har qanday urushni chinakamiga yakunlashning eng birinchi qadami – o‘t ochishni to‘xtatishdir», – deb yozdi Zelenskiy o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
«Bir kun ham qotillikni davom ettirishdan ma’no yo‘q. Rossiya ertaga, 12 maydan boshlab o‘t ochishni to‘liq, uzoq va ishonchli to‘xtatishni tasdiqlashini kutamiz va Ukraina muzokaralarga tayyor», – deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Shu tariqa, Ukraina prezidenti mohiyatan avval sulh tuzish, shundan keyingina tinchlik muzokaralari o‘tkazish to‘g‘risidagi talabini takrorladi. Uning so‘zlaridan agar Rossiya harbiy harakatlarni davom ettiradigan bo‘lsa, Kiyev Istanbulga o‘z delegatsiyasini yuborishga tayyormi yoki yo‘qligini bilib bo‘lmaydi.
Putinning taklifiga Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ham munosabat bildirgan.
«Avval 30 kunlik otashkesim, shundan keyin qolganlari. Rossiya urushni davom ettirish istagini so‘z konstruksiyalari bilan niqoblamasligi kerak. O‘t ochishni to‘xtatish — urushni yakunlash uchun birinchi qadamdir va bu Rossiyaning qotillikni to‘xtatish istagini tasdiqlaydi», — deya yozgan Yermak ijtimoiy tarmoqda.
Shanba kuni Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Polsha yetakchilari Kiyevga yetib kelishdi hamda Rossiya tinchlik jarayoni boshlanishini ta’minlash uchun 12 maydan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishi kerakligini aytishdi. Ular agar bu taklif qabul qilinmasa, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilishdi, AQSh prezidenti Donald Tramp ham bunday pozitsiyaga qo‘shilishini ma’lum qilgan.
Bunga javoban Putin tunda bayonot berib, Ukrainani avvalgi sulh kelishuvlarini buzganlikda aybladi va amalda 30 kunlik sulh talabini rad etdi. Buning o‘rniga u 15 maydan Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri tinchlik muzokaralarini tiklashni taklif qildi.
Yakshanba kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Putin va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan qo‘ng‘iroqlashib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini qabul qilishga tayyorligini tasdiqladi, deb xabar berdi Turkiya rahbari idorasi.
Zelenskiyning so‘zlariga yakshanba kuni Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova javob qaytardi. «Bankovayadagilar (Ukraina prezidenti ofisi joylashgan ko‘cha) reaksiyasiga ko‘ra, u yerdagilar Rossiya prezidenti bayonoti stenogrammasini yaxshi o‘qishmagan», — deya uning so‘zlarini keltirgan TASS agentligi.
Agentlik xabarida Zaxarovaning Putin «fikrini juda aniq va tiniq ifoda etgani: „avvaliga birlamchi sabablar to‘g‘risidagi muzokaralar, keyin esa sulh haqida gapirish mumkinligini aytgani“» haqidagi so‘zlari ham keltirilgan.
Rossiya mojaroning «birlamchi» sabablari sifatida Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishga intilishi hamda Ukrainada 2014 yilgi inqilobdan keyin shakllangan siyosiy tizimni ko‘rsatadi.
Ukraina va uning g‘arblik ittifoqchilari bu da’volarni mamlakat suverenitetiga tajovuz deb hisoblaydi; bundan tashqari, BMT Nizomi barcha mamlakatlarga o‘z kelishmovchiliklarini urush yo‘li bilan emas, balki tinch yo‘l bilan hal qilish majburiyatini yuklaydi.
Makron, Mers, Tusk va Tramp qanday reaksiya qilishdi?
Yakshanba kuni Ukrainaning yevropalik ittifoqchilari deyarli bir xil bayonot berib, sulh tuzish talabini qo‘yishlarini ta’kidladi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya prezidentining taklifini «birinchi qadam, ammo yetarli emas» deb atadi. «Muzokaralardan oldin o‘t ochishni so‘zsiz to‘xtatish bo‘lmaydi. Putin yo‘l qidirmoqda, lekin vaqtdan yutmoqchi», – dedi u jurnalistlarga Polshaning Pshemisl shahrida Kiyevdan uyga qaytayotganda.

Yakshanba kuni ertalab Makron muzokaralar harbiy harakatlar bilan parallel ravishda olib borilishi mumkin emasligi haqida yozdi.
«Kiyevda va prezident Tramp bilan birgalikda biz aniq taklif bildirdik: dushanba kunidan hech qanday shartlarsiz 30 kunlik sulh. Prezident Zelenskiy bunga rozi bo‘ldi va hech qanday shartini qo‘ymadi. Hozirda biz Rossiyadan ham shunday aniq javob kutmoqdamiz, — deya yozgan Makron X ijtimoiy tarmog‘ida. – Zambaraklar tilga kirib turganida muzokara qilib bo‘lmaydi. Tinch aholi vakillari bombalab turilganida muzokara qilib bo‘lmaydi. Muzokaralar boshlanishi uchun hozirning o‘zida yarashuv kerak. Tinchlik uchun».
Germaniya kansleri Fridrix Mers ham xuddi Makron va Zelenskiy kabi Putinning so‘zlarini «yaxshi belgi» deb atadi, ammo «bu hali keragidan ancha uzoqdaligi»ni ta’kidladi.
«Biz Moskva haqiqiy muzokaralarni ta’minlaydigan sulhga rozi bo‘lishini kutmoqdamiz. Avval qurollar tinishi kerak, keyin esa munozaralar boshlanishi mumkin», – deyiladi Mersning bayonotida.
«Rossiyaliklar bizning chaqirig‘imizga javoban 15 maydan boshlab tinchlik muzokaralarini taklif qilishdi. Ammo dunyo zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz sulh tuzish bo‘yicha aniq qarorni kutmoqda. Ukraina tayyor. Shuncha qurbonlar yetar!» – deb yozdi Polsha bosh vaziri Donald Tusk.
AQSh prezidenti Donald Tramp hozircha so‘nggi voqealarga umumiy izoh berish bilan cheklandi va ularni Rossiya va Ukraina uchun «ehtimoliy buyuk kun» deb atadi.
«O‘ylab ko‘ring, bu „qonli hammom“ tugasa, necha yuz minglab odamlar hayoti saqlab qolinadi. Bu avvalgisidan ancha yaxshi bo‘lgan yangi dunyo bo‘ladi. Men bunga erishish uchun ikkala tomon bilan ishlashda davom etaman», – deb yozdi u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Biroq, Amerika prezidentining postidan uni nima umidlantirgani haqida aniq xulosa chiqarib bo‘lmaydi: Ukraina ittifoqchilarining 30 kunlik sulh haqidagi jamoaviy talabimi yoki Vladimir Putinning otashkesimdan bosh tortish bilan birga to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga qaytish bo‘yicha taklifmi.
Tahlil: Zelenskiyning ehtiyotkorona javobi va beqaror Tramp
BBC muxbiri Frenk Gardner Zelenskiyning Vladimir Putinning tungi taklifiga javobi ehtiyotkorlik va diplomatiya bilan bo‘lganini ta’kidlaydi.
Ukraina rahbari moskvalik hamkasbini Kiyev va uning G‘arbdagi ittifoqchilari talab qilgan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmagani uchun qattiq tanqid qilishini kutish mumkin edi.
Ammo buning o‘rniga Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘idagi postida buni «ruslar nihoyat urushni tugatish haqida o‘ylayotganining yaxshi belgisi» deb atadi.
Muxbirning so‘zlariga ko‘ra, bu haqiqatan ham haqiqatga to‘g‘ri keladimi yoki yo‘qligini aytish qiyin, chunki bu holda gap asosan sodir bo‘layotgan voqealarning mohiyati haqida emas, balki tashqi ta’sir haqida ketmoqda.
Putin ham, Zelenskiy ham Donald Trampning ko‘z o‘ngida tinchlikka to‘sqinlik qiluvchi bo‘lib ko‘rinishni xohlamaydi, deb hisoblaydi Gardner.
Endi asosiy masala Tramp nima qilishi bilan bog‘liq. Va bu yerda ikkita asosiy variant mavjud, deb ta’kidlaydi muxbir.
Tramp Putin sulhga rozi bo‘lmaslik uchun har xil bahonalar topib, uni laqillatyapti, deb o‘ylashi mumkin.
Yoki Tramp Putin bilan tarixan iliq munosabatlarini inobatga olib, Rossiya yetakchisiga diplomatik «yashil yo‘lak» taqdim etadi va buning o‘rniga Ukrainaga bosim o‘tkaza boshlaydi. Bunday bosim Kiyevni Istanbuldagi muzokaralarda ishtirok etishga va dushanba kuni o‘t ochishni to‘xtatish yoki to‘xtatmasligidan qat’i nazar, Moskvaning talablarini tinglashga majbur qilishga qaratilgan bo‘lishi mumkin, deya xulosa qiladi Frenk Gardner.
Mavzuga oid

22:43 / 11.05.2025
«Payshanba kuni Turkiyada kutaman». Zelenskiy Putinni shaxsan uchrashishga taklif qildi

22:17 / 11.05.2025
Rossiyada ma’muriy javobgarlikka tortilgan relokantlar mulkini musodara qilish boshlanadi

22:28 / 10.05.2025
Ukraina muzokaraga tayyorligini aytdi, Rossiya o‘ylab ko‘rishini ma’lum qildi

20:58 / 10.05.2025