O‘zbekiston | 22:42 / 12.05.2025
1034
6 daqiqa o‘qiladi

12 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Andijonda shahar sudi raisi 30 ming dollar bilan qo‘lga tushdi, O‘zbekiston kompaniyalari Ukraina sanksiyalariga uchradi, Mubashshir Ahmad Turkiya politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi, O‘zbekiston va Eron imtiyozli savdo bitimi bo‘yicha tovarlar ro‘yxatini kelishib oldi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Sud raisi pora bilan ushlandi

Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi raisi jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, u tezkor tadbirda 30 ming AQSh dollari olayotganda ushlangan.

Qayd etilishicha, bugun Sudyalar oliy kengashining yig‘ilishi o‘tkazilib, unda bosh prokurorning Andijon viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi raisini jinoiy javobgarlikka tortishga oid taqdimnomasi muhokama qilingan.

Yakunda kengash xulosasi bilan sud raisini jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan va uning sudyalik vakolati to‘xtatilgan.

Kengash tergov siri va aybsizlik prezumpsiyasi talablaridan kelib chiqib, boshqa tafsilotlar oshkor qilinmasligini, ijtimoiy tarmoqlardagi aksariyat manbalarda tarqatilayotgan shu mavzudagi xabarlar bo‘rttirilgan bo‘lib, barcha holatlarga tergov yo‘li bilan aniqlik kiritilishini bildirdi.

O‘zbekiston kompaniyalari Ukraina sanksiyalariga uchradi

Ukraina hukumati Rossiya, Xitoy, Eron, Belarus va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bir nechta kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.

Umumiy ro‘yxatda 67 ta Rossiya kompaniyasi bilan bir qatorda 7 ta xorijiy yuridik shaxs ham mavjud bo‘lib, ularning 3 tasi O‘zbekistonda faoliyat yuritadi. Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistonning bir nafar fuqarosi ham kiritilgan.

Sanksiyaga uchragan kompaniyalardan biri Mercury Renaissance MChJ. Korxona 2016 yilda Toshkent shahrida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Faoliyat turi – qurilish texnikasi va uskunalarini ijaraga berish hamda lizing xizmatlari. Ta’sischilari Rustam Mo‘minov va Shahriyor Tojiyev Sahiyorovich.

Ikkinchi kompaniya — Raw Materials Cellulose MChJ Jizzax viloyatida joylashgan bo‘lib, qog‘oz massasi va sellyuloza ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Uchinchi kompaniya – sellyuloza ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan «Farg‘ona kimyo zavodi» MChJ. Mazkur korxona Mercury Renaissance tarkibiga kiradi.

Shuningdek, Ukraina hukumati bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston va Rossiya fuqaroligiga ega ekanligi ta’kidlanayotgan Rustam Mo‘minovga nisbatan cheklovlar kiritgan.

Sanksiyalar 10 yil muddatga joriy etilgan bo‘lib, Ukraina hududidagi aktivlarni muzlatish, litsenziyalarni bekor qilish, savdo kelishuvlari, madaniy almashinuvlar, ilmiy sohadagi hamkorlikni to‘xtatishni nazarda tutadi.

Mubashshir Ahmad Turkiya politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi

Azon vaqfi kengashi raisi va Azon Global axborot-tahliliy portali asoschisi, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov 8 may kuni Istanbuldagi o‘z uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgani ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, shu kunning o‘zida advokatlar ishtirokida dastlabki surishtiruv o‘tkazilgan. Advokatlarga bildirilgan oxirgi ma’lumotga ko‘ra, surishtiruvdan so‘ng Mubashshir Ahmad Istanbuldagi Deportatsiya markaziga o‘tkazilishi, ertasiga – 9 may kuni u yerdan qo‘yib yuborilishi kerak bo‘lgan.

Ammo oradan 4 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Immigratsiya boshqarmasi domlaning qayerdaligi, sog‘lig‘i va sud jarayoni haqida advokatlariga ham, yaqinlariga ham hech qanday ma’lumot bermayapti. Vaholanki, Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, nazoratda ushlab turilgan shaxsning oilasiga bu haqida ma’lumot berilishi, uning o‘ziga ham yaqinlari bilan muloqot qilishga izn etilishi belgilab qo‘yilgan.

Hozircha O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxona holat yuzasidan munosabat bermadi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Kun.uzʼga bergan izohida holatga aniqlik kiritib, ma’lumot berishini bildirdi.

Turkiyalik advokat va qochoqlar huquqlari himoyasichi Ibrohim Erginning yozishicha, Mubashshir Ahmad O‘zbekistonga deport qilingan bo‘lishi mumkin. Uni 9 may kuniyoq shoshilinch tarzda deportatsiya qilishmoqchi bo‘lishgan, lekin jamoatchilik aralashuvi tufayli Edirnega jo‘natilgan.

«Edirnedagi Migratsiya idorasida razvedka nazorati ostida saqlangan, keyinchalik shanba kuni yana Istanbulga qaytarilgan. Bu orada u yuridik tizimdan chetlab o‘tilgan va noqonuniy tarzda O‘zbekistonga topshirilgan», – deyiladi huquq himoyachisining bayonotida.

O‘zbekiston va Eron imtiyozli savdo bitimi bo‘yicha tovarlar ro‘yxatini kelishib oldi

Tehronda bo‘lib o‘tgan hukumatlararo uchrashuvda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida ko‘p yillardan beri yechimini kutayotgan transport-logistika masalalarini zudlik bilan hal etish lozimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Tehronda Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga chiqarish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Rasmiy Toshkent transport-logistika sohasida ko‘p yillardan beri yechimini kutayotgan masalalarni zudlik bilan hal etish lozim deb hisoblashi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi», imtiyozli savdo bitimining tovarlar ro‘yxatini tasdiqlash bayonnomasi va boshqa hujjatlar imzolandi.

Mavzuga oid